Qatortol mahallasida O‘zbekistonda birinchi hi-tech masjid qurilishi boshlandi

Toshkentda kelgusi yilda birinchi xay-tek uslubida qurilgan masjid paydo bo‘lishi mumkin. Unda ayollar uchun alohida namozxona ham bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Toshkent shahridagi Qatortol mahallasida O‘zbekistonda birinchi xay-tek uslubidagi masjid quriladi, deb xabar qilmoqda Azon.uz. 

Xabarda aytilishiga ko‘ra, yangi masjid “Qatortol-1” mahallasida joylashgan “Hasanxon qori” masjidi o‘rniga quriladi. Masjidning oldingi binosi 1993-yilda ishga tushgan, eski va tor, kirib chiqishga noqulay bo‘lgan ekan. Keyinchalik xayriya pullari yordamida masjid yonidagi to‘yxona va sex sotib olinib umumiy hudud 30 sotixga yetkazilgan.

Qatortol mahallasida O‘zbekistonda birinchi hi-tech masjid qurilishi boshlandi

“Hasanxon qori” masjidi imom-xatibi Zikrulloh Mahkamov aytishiga ko‘ra, yangi masjidni xay-tek uslubida qurishga masjid joyining murakkab shaklga ega ekanligi sabab bo‘lgan. 

"Hozir masjid loyihasi tayyorlangan. Joyimizning shakli murakkab, unga odatdagidek to‘rtburchak masjid qurilsa, ancha joy yutqazib qo‘yilar ekan. Shuning uchun me’morlar masjidni noan’anaviy shaklda qurishga qaror qilishdi. Bu O‘zbekistondagi ilk xay-tek usulida qurilgan masjid bo‘ladi. Iloji boricha har bir metrdan foydalanishga harakat qilingan", - deydi masjid imom-xatibi. 

Masjidda alohida 60 o‘rinli ayollar namozxonasi ham bo‘ladi. Hozirda eski masjid binosi buzilib, yer ostidan o‘tgan kommunikatsiyalar ko‘chirilgan. Undan so‘ng yangi masjid qurilishi boshlanadi. Reja bo‘ycha kelasi yilning ramazon oyigacha qurib bitkazilishiga umid bildirishmoqda. 

*Xay-tek - me’morchilikda qo‘llaniladigan uslublardan biri bo‘lib, u binolarni loyihalashtirish va qurishda yuqori texnologiyalardan foydalanish, bino shaklida to‘g‘ri chiziqlar ko‘pligi, oyna, plastik va metall kabi materiallar qo‘llanilishi bilan farq qiladi. 

Qatortol mahallasida O‘zbekistonda birinchi hi-tech masjid qurilishi boshlandi