TOShKENT, 11 sen - Sputnik. Ayni damda Rossiyada bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarning Rossiya hududida yashash va ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlari muddati yana bir bor uzaytiriladi. Bu haqida Rossiya IIV Migratsiya bo‘limi boshlig‘i Valentina Kazakova RIA Novostiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Ayni damda pandemiya tufayli chegaralarni kesib o‘tishga bo‘lgan cheklovlar haligacha amal qilayotgani tufayli biz xorijiy fuqarolar uchun Rossiya hududida vaqtincha yashash va mehnat qilishga ruxsat beruvchi barcha turdagi hujjatlar, jumladan viza, patent, yashashga ruxsatnoma va boshqa ruxsatnomalar muddatini 2 marotaba uzaytirdik. Ular 15-sentabrdan so‘ng ham uzaytirilish ehtimoli juda katta", - dedi Kazakova.
Shu bilan birga Rossiya Migratsiya xizmati rahbari bu yil Rossiyada migratsiya sohasida yangi qonun ishlab chiqilganini va u kelajakda xorijiy fuqarolar ishlashi uchun hujjatlar rasmiylashtirishda juda qulay bo‘lishi haqida xabar qildi. Yangi qonun matni 2021-yilda e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidentining farmoniga asosan xorijiy fuqarolar hujjatlari birinchi marotaba 15-martda 3 oyga va ikkinchi marotaba 15-iyunda yana 3 oyga uzaytirilgan edi.