Biz ko‘payishdik: Saida Mirziyoyeva o‘g‘li Shavkatjon haqida gapirdi

Biz ham ko‘payishdik — jajji Shavkatjon, bizning quyoshimiz. Biz u bilan yaqinda tanishdik, lekin birinchi uchrashuvimizdayoq o‘rtada shunchalar kuchli muhabbat paydo bo‘ldiki, biz kuniga 24 soat birga bo‘lamiz :) Onalar buning nima ekanini bilishadi, deb yozadi Saida Mirziyoyeva
Sputnik

TOShKENT, 11 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva yangi mehmon - o‘g‘li Shavkatjon haqida ilk bor ma’lumot berdi.

"Barchamiz uchun hali-hamon qiyin bo‘lsa-da, hayot davom etmoqda. Odamlar to‘ylarda xursandchilik qilmoqda, bolalar dunyoga kelmoqda. Biz ham ko‘payishdik — jajji Shavkatjon, bizning quyoshimiz. Biz u bilan yaqinda tanishdik, lekin birinchi uchrashuvimizdayoq o‘rtada shunchalar kuchli muhabbat paydo bo‘ldiki, biz kuniga 24 soat birga bo‘lamiz :) Onalar buning nima ekanini bilishadi. Men esa muhabbatning ayollarga barcha dilxiraliklarga dosh berishi va kechirishiga yordam beruvchi kuch ekani haqida o‘ylayman. Baxtli va eng yaxshi damlarni kutish, bolalar o‘sib-ulg‘ayguncha yonida bo‘lish, ularga tayanch bo‘lish va keyin tin olish mumkin. Nima qilsak ham, bizni doim muhabbat boshqaradi.

Shifo, sabr va kuch-quvvat tilayman: Saida Mirziyoyevaning bayram tabrigi

Hozir o‘g‘lim bilan ertaklar emas, balki yangiliklar sadosi ostida uxlayapmiz. Xotin-qizlar va jurnalistlarga nisbatan sudlov mexanizmi tezkor va shiddatli bo‘lib, bor kuchi bilan ishlayotganini ko‘rish men uchun og‘ir. Erkaklar va amaldorlarga kelganda bu tizim ko‘pincha to‘xtab qoladi. Bir vaqtning o‘zida haqoratlarga munosib javob uchun ozodlikdan mahrum qilish va sakkiz yillik xo‘rlik ostida yashaganlarni yarashuv bilan «jazolash” mumkin emas. Qiz bolaga ojiza va itoatkor bo‘lgani uchungina buyumdek qarash, dili og‘rigan-og‘rimaganini uning uchun hal qilish mumkin emas. Shaxsiy fikri uchun ta’qib qilish mumkin emas. Agar biz adolat tarafdori bo‘lsak, qonun ikkala tomon uchun bir xil ishlasin. Agar biz baxtli mamlakatda yashashni istasak, ayollarni erkaklar prioritetlaridan, jurnalistlarni esa bosimdan himoya qilishimiz kerak", - deb yozgan Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegramdagi sahifasida.

U shuningdek, jurnalist va blogerlar sukut saqlamasligiga va boshlangan islohotlarni davom ettirish yo‘lida hissa qo‘shishlariga qat’iy ishonishini bildirgan. Jamoatchilik fikri kuchiga ishonishini ta’kidlagan.

"Oldinda bizni yaxshi kunlar kutayotganiga ishonaman. Agar har kim o‘z obro‘yini saqlagan holda odamlar bilan hisoblashsa, hamma ish adolatli va to‘g‘ri bo‘ladi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, ayni kunlarda tuhmatni dekriminallashtirish hamda jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik uchun javobgarlikka oid ikki muhim qonun hujjati ishlab chiqish arafasida. Bu oshkora jamiyat sari tashlangan yana ikki katta qadam bo‘ladi. Keling, buni birgalikda amalga oshiramiz", - deb qayd etgan Saida Mirziyoyeva.