Birinchi yarim yillikda budjet xarajatlari 20%ga oshdi - moliya vaziri

Koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlari hamda Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlari tufayli - davlat budjeti xarajatlari 1,2 baravar oshdi.
Sputnik

TOShKENT, 11 sen - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasning davlat budjeti xarajatlari 2020-yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20%ga oshdi. Bu haqida bugun Senatda bo‘lib o‘tgan majlisda O‘zbekiston moliya vaziri axborot berdi. 

"Davlat budjetining 2020-yil birinchi yarim yilligi xarajatlari 64,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan", - deyilgan xabarda. 

Hisobotdan ma’lum bo‘lishiga ko‘ra, davlat budjeti xarajatlari oshishiga Sardoba suv omboridagi tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish (500 mlrd.), Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan tabiiy ofat tufayli yetkazilgan zararni qoplash (162 mlrd.)  hamda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi bo‘lgan. 

Budjet xarajatlarning eng katta qismi - koronavirus tarqalishiga qarshi ko‘rilgan chora-tadbirlar bo‘lgan. Xususan ushbu maqsadda 2020 yilning 1-iyuliga qadar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 5,6 trln. so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan.