O‘zbekistonda Kia avtomobillari ishlab chiqariladi - OAV

Jizzaxda 2020-yil oxiriga qadar Kia avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Dastlab yiliga 25 ming keyinchalik 100 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 
Sputnik

TOShKENT, 10 sen - Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yilning noyabrida Kia avtomobillari ishlab chiqarish boshlanadi, deb xabar qilmoqda "Izvestiya" nashri 10-sentabr kuni e’lon qilingan press-relizga asosan.

Jizzax shahrida joylashgan ishlab chiqarish liniyasida  Kia K5 va Kia Seltos modellarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish jarayoni Kia Motors kompaniyasining Rossiyadagi shtab-kvartirasi nazorati ostida yo‘lga qo‘yiladi, - deyilgan xabarda.  

Birinchi bosqichda yiliga 25 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi, keyinchalik payvandlash sexi hamda rang berish sexlari ishga tushiriladi va ishlab chiqarish hajmi 100 mingga yetkaziladi. 

Ma’lumot uchun 2020-yilda Rossiyada avtomobillarga bo‘lgan talab keskin kamaygani kuzatilgan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra ayni damda talab kamayishi 30% miqdorida kuzatilmoqda, yil oxiriga borib ushbu natija 20%ni tashkil qilishi mumkin. 

Rossiya avtomobil bozorida Janubiy Koreyaning Kia va Hyundai avtomobillari eng ko‘p sotilayotgan xorijiy brendlar bo‘lib qolmoqda.