Samarqand va Lvov o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Samarqand va Ukrainaning Lvov shahri o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 10 sen — Sputnik. ​​Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko Samarqand va Lvov shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Ukraina aloqalarining mustahkamlanib borayotgani ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Ukraina aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirishga ariza berdi

Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda viloyatda IT Park tashkil etish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik va boshqa bir qator sohalar bo‘yicha birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar muhokama etildi.

“Uchrashuvda Samarqand va Lvov shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama etildi”, - deyilgan xabarda.

Tomonlar tez fursatda ukrainalik ishlab chiqaruvchilar va ishbilarmonlar ishtirokida onlayn rejimda samarqandlik tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.