TOShKENT, 5 sen - Sputnik. O‘zbekistonda "Bosh vazir kubogi-2020" futbol musobaqalari start olmoqda, deb xabar qiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 4-12-oktabr kunlari vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning xodimlari o‘rtasida futbol musobaqalari tashkil etiladi.
Shu maqsadda "Bosh vazir kubogi" musobaqalarida qatnashish uchun mamlakatda faoliyat olib borayotgan 150dan ortiq vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarga taklifnomalar yuborildi.
Musobaqada ishtirok etish uchun talabnoma taqdim etishning so‘nggi muddati etib 10-sentabr belgilangan.
O‘tgan yili ilk marotaba tashkil etilgan musobaqalarda 64ta jamoa ishtirok etgan. Bir haftadan oshiqroq davom etgan qizg‘in va murosasiz bahslarda bosh sovrinni O‘zbekiston Oliy sudi jamoasi qo‘lga kiritgan edi.