TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Belarus davlat televideniyasi Germaniya va Polsha o‘rtasida bloger Aleksey Navalniyning go‘yoki "zaharlangani" yuzasidan kechgan muloqoti audio-yozuvini e’lon qildi.
Taqdim etilgan audioda Navalniyning zaharlanishi tadqiqotlari natijalarini soxtalashtirish haqida gap borgan.
Audioda Polsha vakili germaniyalik suhbatdoshidan ishlar holati haqida so‘raydi. Bunga javoban "hammasi reja asosida borayotgani", Navalniy bo‘yicha materiallarning barchasi "kansler (GFR kansleri Angela Merkel) administratsiyasiga taqdim etilgan"i haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Varshava Navalniy rostdan ham zaharlanganmi, deya so‘raydi. Berlin esa keng tus olgan axborot urushi tufayli hozirda "bu unchalik ahamiyatli emas"ligi, shu bois, "hamma narsa qo‘l keladi" deya javob qaytaradi.
"Qo‘shilaman. Putinni (Rossiya prezidenti Vladimir Putinga) Belarus ishlariga burun suqish shashtidan qaytarish lozim. Eng samarali yo‘l - uni Rossiya muammolariga g‘arq qilish, muammolar esa oz emas. Qolaversa, yaqin orada ularda saylovlar bo‘lib o‘tadi, Rossiya regionlarida ovoz berish kuni o‘tkaziladi", - deya suhbatdoshining gaplarini ma’qullaydi Polsha vakili.
Eslatib o‘tamiz, 20-avgust kuni Tomsk-Moskva reysi vaqtida Aleksey Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashgan. Samolyot shoshilinch Omskda qo‘ndiriladi, shundan so‘ng bloger zudlikda kasalxonaga yotqiziladi.
Omsklik shifokorlar Navalniyga moddalar almashinuvi buzilishi tashxisini qo‘yadilar. Oradan ikki kun o‘tib, bloger rafiqasi qaroriga ko‘ra Germaniyaning "Sharite" klinikasiga olib ketiladi va nemis vrachlari bemor ingibit xolinesteraz guruhidagi moddalar bilan zaharlanganini "aniqlaydilar".
Shundan so‘ng Germaniya hukumati, bundesver maxsus laboratoriyalariga tayangan holda, Navalniy qonida "Novichok" guruhidagi nerv-falaj xususiyatini keltirib chiqaruvchi modda qoldiqlari topilgani haqida e’lon qiladi.
O‘z chiqishi davomida Angela Merkel bloger su’iqasd qurboni bo‘lganini va qasddan zaharlanganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga hech qanday dalillar va faktlar taqdim etilmagan. Bundan tashqari, Germaniya Rossiya tomonining barcha rasmiy so‘rovlarini, shu jumladan, RF Bosh prokuraturasi va shifokorlar so‘rovlarini ham javobsiz qoldiradi.
Rossiya TIV GFR rahbariyatining bu singari bayonotlarini - ular hech qanday asos-dalilga ega bo‘lmagani uchun - Rossiyaga qarshi qaratilgan navbatdagi axborot kampaniyasi, deya atamoqda.