Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimini urib yubordi

19 yoshli “Lacetti” haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, avval to‘xtab turgan “Captiva” bilan to‘qnashadi. Keyin harakatni davom ettirib, YPX xodimini ham urib yuboradi.
Sputnik

TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Poytaxtning Mirobod tumanida “Lacetti” haydovchi YPX xodimini urib yubordi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Yo‘l-transport hodisasi 1-sentabr kuni soat taxminan 19:00 da tumandagi Shahrisabz ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u yerda xizmat olib borayotgan YPX inspektori serjant S.U.  “Grand Mir” mehmonxonasi oldida 25 yoshli “Captiva” haydovchisi J.B. to‘xtatgan. Xodim haydovchining hujjatlarni tekshirib bo‘lib, qaytarib bergan va transport vositasini aylanib o‘tib, yo‘l chetiga qarab yurgan.

Toshkentda “Lacetti” haydovchisi YPX xodimini urib yubordi

Shu vaqtda “Lacetti”ni ishonchnoma asosida boshqarib ketayotgan 19 yoshli T.M. boshqaruvni yo‘qotib, to‘xtab turgan “Captiva” bilan to‘qnashgan. Keyin harakatni davom ettirib, YPX xodimini ham urib yuborgan.

YTH natijasida 30 yoshli Salim Umarov tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. To‘plangan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuboriladi.