Shifokor immunitetni “o‘ldiruvchi” oziq-ovqat mahsulotlarni ma’lum qildi

Parhezshunos va dermatokosmetolog Irina Lizunning aytishicha, ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari immunitetni pasaytirishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 28 avg - Sputnik. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari immunitetni pasaytirishi mumkin. Bu haqda parhezshunos va dermatokosmetolog Irina Lizun Sputnik radiosiga bergan intervyusida aytib berdi.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, inson immunitetining asosiy dushmanlaridan biri - shakar va transog‘lardir.

"Shakarni keragidan ortiq iste’moli mikroflorani o‘zgartirishi mumkin, axir u organizmning immun reaksiyalarini bog‘lab turadi. Transog‘lar, masalan, mahsulotlarni bitta yog‘da bir necha marta qovurganda, o‘simlik yog‘lari hayvon yog‘iga o‘hshash bir narsaga aylanganida paydo bo‘ladi. Masalan, margarin sariyog‘ga o‘xshaydi. Transog‘lar yarim tayyor mahsulotlarda ko‘p, ular immunitet funksiyasiga salbiy ta’sir qiladi", - deya izoh berdi shifokor.

Bundan tashqari, ta’m kuchaytirgichlar, ta’m va rang beruvchilar immunitet tizimi uchun foydasizdir.

"Oziq-ovqat mahsulotidagi rang beruvchining o‘zi salbiy ta’sir ko‘rsatolmaydi. Ammo odam ovqatni doim rang beruvchilar, ta’m beruvchilar bilan iste’mol qilsa, ularning umumiy ta’siri salbiy bo‘lishi mumkin", - deb ogohlantirdi diyetolog.

Shuningdek, yog‘lar va uglevodlarga boy bir hilda taomlar ham immunitet uchun xavflidir.

"Eng katta minus - bu bo‘sh kaloriyali oziq-ovqat. Biz odatiy tabiiy ovqatlarni, turli xil ko‘rinishda iste’mol qilsak, o‘z-o‘zidan biz immunitet tizimimiz uchun zarur bo‘lgan vitaminlar, mikroelementlar, antioksidantlar, moddalarning barcha turlarini olamiz. Agar odamning kunlik taomnomasida faqat kartoshka, makaron, go‘sht va bodring bo‘lsa, avtomatik ravishda vitaminlar, mikroelementlar va antioksidantlar yetishmasligi vujudga keladi. Huddi shu holat fastfudda ham ro‘y beradi. Har qanday yetishmovchilik immunitet tizimi uchun tahlikali bo‘ladi", - dedi Lizun.

Xulosa tariqasida, diyetolog taomnomadan fastfud va yarim tayyor mahsulotlarni chiqarib tashlashga chaqirdi.