TOShKENT, 25 avg - Sputnik. Jizzaxning Zomin tumanida vafot etgan bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklangan shifokor shoshilinch xirurgiya bo‘limida davolanmoqda, deb xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 23 avgust kuni soat 12:06 da Zomin tumani Oqtepa MFY J.Sulaymanov ko‘chasida yashovchi fuqaro tomonidan tez yordam chqariladi. Tez fursat ichida yetib borgan tez yordam brigadasi 1939-yil tug‘ilgan bemorni tekshiruvdan o‘tkazgach, uning umumiy ahvoli og‘ir bo‘lganligi sababli shifoxonada statsionar sharoitda yotib davolanishi uchun olib ketish kerakligini aytadi. Bemorning yaqinlari bunga ruxsat berishmagani tufayli tez yordam brigadasi tomonidan zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, kerakli maslahatlar beriladi.
Shu kuni soat 13:42 tez yordam brigadasi qayta chaqiriladi. Tez fursat ichida bemor xonadoniga yetib borgan shifokorlar biologik o‘lim yuz berganligini qayd etishadi. Shundan so‘ng navbatchi feldsher E.I. bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklanadi.
Feldsher E.I. zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga olib kelingan vaqtda u karaxt holda ko‘ngli aynib, qayd qilishi kuzatilgan. Bemor tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilib, shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotkizilgan.
Unga yopiq bosh miya chayqalishi, bo‘yin sohasi yumshoq to‘qimlarining lat yeyishi, teri osti gematomasi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda bemorga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limga xabar berilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmokda. Ushbu vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.