Bu yil Germaniya, Litva va Turkmaniston bozorlarida O‘zbekiston uzumlari sotilmoqda

Bu yil Germaniya, Litva va Turkmaniston bozorlarida O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum mahsuloti birinchi bor sotilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 25 avg — Sputnik. O‘zbekiston 7 oyda 21,5 ming tonnadan ziyod uzum eksport qildi, deb xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati.

Joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, qiymati 18,9 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 21,5 ming  tonna uzum mahsuloti xorijga eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 ming tonnaga ko‘p.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, uzum mahsulotining eksporti bo‘yicha Qozog‘iston 12,5 ming  tonna ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga 6,2 ming tonna va  Qirg‘iz Respublikasiga 2,3 ming tonna uzum mevasi eksport qilingan.

Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramay 13 ta davlatga O‘zbekiston uzumlarining eksporti amalga oshirilgan. Ayniqsa, bu yil Germaniya, Litva va Turkmaniston bozorlarida O‘zbekistonda yetishtirilgan uzum mahsuloti birinchi bor sotilmoqda.

Eksport qilingan mazkur uzum mahsulotining eng ko‘p ulushi Farg‘ona (6,2 ming tonna), Toshkent (4,3 ming tonna), Namangan (3,1 ming tonna), Xorazm (2,1 ming tonna) va Qashqadaryo (1,7 ming tonna) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.