O‘zbekistonga salqin va nam havo oqimi kiradi

O‘zbekiston hududi bo‘yicha xorijiy janubdan issiq havo oqimi harakatlanishi natijasida ob-havo o‘zgarib turadi.
Sputnik

TOShKENT, 24 avg — Sputnik. Bugun O‘zbekiston hududi bo‘yicha xorijiy janubdan issiq havo oqimi harakatlanishi natijasida ob-havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat iqlimiy meyorlardan 3-5 darajaga yuqori bo‘lib, 34-39 darajani tashkil qiladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar qildi.

O‘zbekiston MDH doirasida migratsiyani tartibga solish haqidagi kelishuvga qo‘shildi

25 avgustda respublikada ob-havo sharoitlarining o‘zgarishi kutilmoqda: ertalab respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlariga, kechga borib markaziy tumanlariga Volgabo‘yi hududidan salqin va nam havo oqimi kiradi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kun davomida, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida esa kechga borib qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 20-25 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi pasayib 28-33 darajani tashkil qiladi, bu meyoriy ko‘rsatkichlardan biroz pastdir.

26 avgust kuni respublika hududiga kirgan salqin atmosfera fronti janubi-sharq tomonga siljiydi, mamlakat hududining katta qismida momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Antisiklon ta’sirida 26 avgust eng salqin kun bo‘lishi kutilmoqda, harorat kechasi 15-18 daraja, kunduzi 23-26 darajani tashkil qiladi. Bunday harorat meyordan 6-9 darajaga pastdir.

Haftaning seshanba va chorshanba kunlari respublika bo‘yicha shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.

Payshanba va juma kunlari mamlakatda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Antisiklon ta’sirida tungi salqin harorat saqlanib turadi va 15-20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi esa havo asta sekin isishni boshlaydi va 28 avgustda 30-35 darajagacha ko‘tarilib, oyning shu davri uchun xos bo‘lgan myoriy qiymatlarga yaqinlashadi.