TOShKENT, 24 avg — Sputnik. 24 avgust kuni “Forish” tog‘ poligonida “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, ishtirokchi davlatlar jamoalari vakillari, senatorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugining “Forish” tog‘ poligoni o‘tgan yili bo‘lgani kabi joriy yilda ham “ArMI – 2020” VI Armiya xalqaro o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” tanloviga mezbonlik qilmoqda. Bu yil “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida O‘zbekiston Respublikasi jamoasidan tashqari Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston va Belarus respublikalari, Falastin va Vyetnam davlatlarining harbiy tibbiyot xizmati mutaxassislari ishtirok etmoqda.
“Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovini kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev musobaqa ishtirokchilarini qutlab, musobaqalar jarayonida kattadan katta omadlar tiladi.
Shundan so‘ng tabrik uchun so‘zga chiqqan Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi vakili, tibbiy xizmat polkovnigi Vladimir Viktorovich Lyutov va boshqalar jamoalarga musobaqalarda zafarlar tilash bilan birga mezbonlarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.
Tantanali marosim Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining ko‘rgazmali defile harakatlari bilan davom etdi. Ishtirokchilar e’tiboriga respublikaning taniqli badiiy jamolari va san’atkorlari ijrosidagi katta konsert dasturi namoyish qilindi.
Bu yil “ArMI – 2020” Armiya xalqaro o‘yinlari 23-avgustdan 5-sentabrga qadar 5 davlat: Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus va O‘zbekiston respublikalari hududlarida bo‘lib o‘tadi. Ushbu muddat davomida xalqaro musobaqalarning 30 dan ortiq tanlovlarida dunyoning 30 mamlakatidan tashrif buyurgan 160 dan ortiq jamoalari, tarkibida minglab o‘z kasbining ustasi bo‘lgan professional, eng ilg‘or harbiy mutaxassislar g‘oliblik uchun bahs olib boradilar.
O‘zbekiston Respublikasi joriy yilda Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Yo‘l patruli” tanlovlariga mezbonlik qilyapti. Ozarbayjon, Armaniston, Belarus Respublikalarida bittadan, qolgan barcha tanlovlar esa Rossiya Federatsiyasi hududida o‘tkazilmoqda.