Kichik-qochoqlar: bolalar nega o‘z uylaridan bosh olib ketishadi?

Joriy yil boshidan avgust oyining 20-sanasiga qadar O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida deyarli har uch kunda bir bola o‘z uyidan qochib ketgan.
Sputnik

Kichik-qochoqlarning aksariyati o‘z tanishlarinikidan topilgan, ammo... qalbi jarohatlangan, ko‘zida esa yosh qalqib turgan, borar manzili noma’lum bu norasidalar orasida birgina hol-ahvol so‘ragani uchun begona kishi ortidan ergashganlari ham ko‘p bo‘lgan...

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nilufar Isaxanovaning aytishicha, uyidan qochib,  kechgacha ko‘chalarda bemaqsad tentirab yuradigan bu bolalarning aksariyati – oilasida janjal arimaydigan yoki ota-onasi ajrashgan yoxud ota-onasi chet eldaligi uchun vaqtincha qarindoshlari qo‘lida tarbiya topayotgan o‘spirinlardir.

Kichik-qochoqlar: bolalar nega o‘z uylaridan bosh olib ketishadi?

Ha, qochoq bolalarning aksariyati – 14-18 yosh oralig‘ida.

Ularni uydan qochishga undagan yagona sabab esa – kattalarning ularga nisbatan e’tiborsizligi, o‘z bolasiga nisbatan bo‘lgan ulardagi sovuqqonlik.

- Nilufar, yoz oyi boshlanishi bilan, ijtimoiy tarmoqlarda uyidan chiqib, qaytib kelmagan bolalar haqidagi e’lonlarga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Yaqin oradan boshlab, IIBB saytida ham yo‘qolgan bolalar haqida e’lonlar berila boshladi. Oradan bir necha kun o‘tib, ularning topilganligi va ayniqsa, ularning holati yaxshiligi haqida o‘qib, har bir inson ichida shukr qilishi turgan gap. Ayting-chi, ularni uydan qochishga nima majbur qiladi?

- O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, o‘smir yoshidagi, o‘tish davridagi bolalar orasida qochish holatlari ko‘p kuzatiladi. Asosiy sabablardan biri – uydagi mojaro. Yana bir sabab – ota-onaning o‘z farzandiga nisbatan e’tiborsizligi. Deylik, ular ertadan-kechgacha o‘z ishi yoki uy yumushlari bilan band, yoki telefon(televizor)dan bo‘shamaydi va o‘z farzandidan oddiy hol-ahvol ham so‘rashmaydi, bolaning muammosini o‘rganishmaydi. Biror o‘zgarish sezishsa ham, "Nima bo‘ldi, o‘tir-chi?" deya dilbandi bilan gaplashmaydilar.

Uydan chiqib, qaytib kelmadi: bedarak yo‘qolgan 13 yashar qiz qidirilmoqda

Farzand o‘zini yakkalanib, yolg‘izlanib qolgan his etadi. Unda "Ota-onamga kerak emas ekanman", "Hech kimga kerak emas ekanman", degan tuyg‘u paydo bo‘ladi. Hech kimga kerak bo‘lmasam, nima qilaman bu uyda yashab, degan xayolda uydan chiqib ketishadi.

Qolaversa, ajrashgan ota-onalarning farzandlari orasida ham uydan qochib ketish holatlari ko‘p kuzatiladi. Onasi bilan qolgan farzand, onadan ko‘rmagan mehrni otadan izlaydi, yoki aksincha, otasi bilan qolgan farzand, otadan ko‘rmagan mehrni onadan izlashga tushadi. Bolalar orasida ota-onasi bo‘lmaganlari, qarindosh-urug‘ - yo buvi, yo tog‘a, yo xola qo‘lida qolganlari ham bor – ular umuman mehrga muhtoj hisoblanadi. Bundaylar ham oddiy mehr ilinjida uydan qochishadi.

- Toshkentda yo‘qolgan bolalarning aksariyati kimnikiga yo‘l olishgan?

- Ko‘pincha tanishinikiga, o‘rtog‘inikiga ketishadi. Lekin ko‘chada yig‘lab turganida, hol-ahvol so‘ragan kishinikiga ham ketishgan vaqtlari bo‘lgan. Hayriyatki, notanish odamlar yaxshi bo‘lib chiqdi. Aks holda, bolaning taqdiri ne kechardi?!

Bedarak yo‘qolgan 14 yashar qiz bir oydan beri qidirilmoqda – Toshkent IIBB

– Bola yo‘qoldi. Nima qilish kerak? O‘zbekchilik deya, tanish-bilish xabar topishidan qo‘rqib, bunday holatlar ko‘pincha yashiriladi, nazarimda?

- Mana shu eng yomoni. Chunki bola uydan chiqib ketgudek bo‘lsa, uni "issiq izi"dan topish imkoni ko‘proq bo‘ladi. Ba’zan oradan bir necha kun, va hatto bir necha oylar o‘tib murojaat qilishadi. O‘zlari qidirib, topa olmagach, chorasiz bizga kelishadi. Ammo bu paytgacha bola o‘sha hududdan boshqa shaharga, yoki viloyatga ketib qolgan bo‘lsa, uni izini yo‘qotib qo‘yish muammosi paydo bo‘ladi.

"O‘zbekchilik" deymizu, ammo viloyatlarda ko‘p guvohi bo‘ldik, fursat o‘tib ketib, murojaat qilishganida - bola tirik holatda bo‘lmagan - mashinasi bilan suvga tushib ketgan bir holat aniqlandi, mana, oxirgi hodisalardan biri Toshkent viloyatida yo‘qolgan bola aslida suvda cho‘kib ketgan ekan. Shu uchun, har bir daqiqa g‘animat bo‘lgan vaqtlar bo‘ladi, murojaat qilishni kechiktirmaslik muhim, bu bola hayotini asrab qolishda nihoyatda muhim bo‘lishi mumkin.

Albatta, biz qarshi emasmiz, ota-onalar bir sutka davomida bolani o‘zlari qidirib ko‘rishsin, biroq topa olishmasa darhol murojaat qilishlari shart.

Toshkentda bedarak yo‘qolgan 26 yoshli ayol qidirilmoqda – IIBB

Bundan tashqari, ko‘chada yolg‘iz yurgan bolani topib olib, o‘z uyiga olib boradigan insonlarga ham murojaatim bor edi – iltimos, albatta, ichki ishlar organlariga xabar bering!

Bilasizmi, ko‘p holatlarda bola qochib borgan yerida to o‘ziga kelib olguncha, bir muddat yashab turishni istaydi. Shunday vaqtlarda, bolaning uydan chiqib ketganini bilgan insonlar ko‘pincha hech kimga bu haqda xabar berishmaydi. Bu jarayonda ota-ona ahvoli ne kechishini tasavvur qilishmaydi. Agar ota-onaga xabar berishmasa ham, ichki ishlarga xabar berishsin. Bolalar ko‘pincha o‘zi haqida ma’lumot bermaydi yoki noto‘g‘ri ma’lumot berishadi. Bolaga bildirmay, rasmga olib bizga yuborishsa, uni rasmiga qarab kimligini aniqlab olish qiyin emas.

– Bola topildi. Qanday yo‘l tutiladi?

- Bola topilgach, birinchi navbatda u bilan voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan inspektor va psixolog shug‘ullanadi. Bola nega uydan qochib ketgani sababi o‘rganiladi. Agarda bunga oilaviy mojaro sabab bo‘lgan bo‘lsa, bola bilan bir qatorda uning oila-a’zolariga ham psixolog yordami ko‘rsatiladi. Ham bola, ham uning oilasidagi muhit o‘rganilib, psixologlar xulosasiga ko‘ra, bolaning uyga qaytishi uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlansa, bola uyga qaytarilmasligi ham mumkin.

O‘zbekistonda bedarak yo‘qolgan 16 yoshli qiz qidirilmoqda - Bosh prokuratura

Albatta, agar "to‘qliqqa sho‘xlik" qabilida, bola arzimagan sabab bilan ota-onasiga achchiq qilib, uydan chiqib ketgan bo‘lsa, u albatta, qaytariladi. Lekin bordi-yu, bolaga ruhiy bosim o‘tkazilgan bo‘lsa, bola uyiga qaytishni xohlamasa – u Yunusoboddagi Toshkent shahar IIBBga qarashli voyaga yetmaganlarni ijtimoiy-huquqiy himoyalash markaziga joylashtiriladi.

Agar uyidan chiqib ketgan voyaga yetgan qiz bola bo‘lsa – Chilonzordagi xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash markaziga joylashtiramiz.

Pandemiya boshlanishidan oldin bir voqea ro‘y bergan: 15 yashar qiz uyidan chiqib ketib, qaytmagan. Keyin izlab, topganimizdan keyin ma’lum bo‘ldiki, qizning sevgan yigiti bo‘lgan, ular uchrashib yurishgan. Kunlarning birida spirtli ichimlik iste’mol qilishi oqibatida, qiz boyagi yigit bilan jinsiy aloqaga kirishgan. Bu hodisadan xabar topgan ona qizni kaltaklab, uydan haydagan. Voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektori qizni markazga olib keldi. Ham ona, ham qiz bilan psixologlarimiz ishlaganida, qiz o‘z xatosini tan olgan, bunday bo‘lishini o‘zi ham istamaganini aytgan. To‘g‘ri yo‘lga o‘tishni, kelajakda o‘qishga kirishni istashini aytgan, ammo onasi uni qabul qilmadi. Qizning harchand "borimcha qabul qiling, boshqa bunday xatoga yo‘l qo‘ymayman", degan zorlanishlari ona qalbini yumshata olmadi.  

Qiz hozircha xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash markazida.

Mashina lyukidan yarim yalang‘och holda raqsga tushgan qizlar qidirilmoqda - video

Mana shunday holatlarda bolaning o‘z oilasiga qaytishi imkoni yo‘q bo‘lsa, u markazda qoldiriladi. Ammo bu keyingi jarayon va u ko‘pincha sud tomonidan hal etiladi.

- Uydan qochib ketishlarning oldini olish mumkinmi? Nima maslahat berasiz?

- Har bir oilada o‘z sabr chegarasi bo‘ladi. Lekin aksariyat oilalarimizda bola tunu-kun nimani eshitadi: "Hoy, unaqa yurma!", "Hoy, unaqa gapirma!", "Hoy, unaqa qilma!"... Bolani tarbiyalash boshqa, uni urib, taz’yiq o‘tkazish va irodasini sindirish boshqa. Fikrim, ota-onalar o‘z farzandida zarracha bo‘lsa ham o‘zgarish seza boshladimi, albatta yaxshi gapirishsin. Birinchi navbatda bola bilan o‘rtoq bo‘lib olish shart. O‘smir bolaning dunyoqarashiga kirib, o‘sha holatidan sekin olib chiqishga harakat qilish kerak. Psixologlar shunday ishlaydi - birinchidan o‘sha qochib ketgan bola dunyoqarashiga kirishadi-da, u kabi hayot tarzini kechirib, u bilan do‘st tutinib, keyin "voy, bunday qilish bo‘lmapti-da, mana bunday qilib ko‘rsak-chi", deya, to‘g‘ri yo‘naltirishadi. So‘ng, erishgan natijasini maqtab, yana ham to‘g‘riroq boshqa yo‘nalishlarni ko‘rsatishadi. Shu tariqa, bolaning qiziqishini aniqlab, uning kelajagiga yordam berish mumkin. Bola olim bo‘lishni xohlamasa, nima kerak uni bunga majburlab? Balki, u ich-ichida rassom bo‘lishni xohlar va unda shunga qobiliyat bordir?..