Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanida faoliyat yuritayotgan yuqori texnologiyalari sanoat korxonalarini ko‘zdan kechirib, ularning samaradorligini oshirish uchun kerakli maslahatlarni berdi.
Sputnik

TOShKENT, 21 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-avgust kuni Bektemir tumanidan joylashgan zamonaviy sanoat korxonalariga tashrif buyurdi. 

Sarmoyalar qiymati 34 milliard so‘m bo‘lgan “Metal Processing” mas’uliyati cheklangan jamiyatda to‘qimachilik sanoati uchun stanok detallari va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Ayni damda 12ta yirik korxona bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Soha ildam rivojlanib borayotgani tufayli har besh yilda uskunalarni yangilashga ehtiyoj bor.

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi

Korxonada 85 nafar mutaxassis faoliyat olib boradi. Shveysariyaning “SkillSonics International AG” kompaniyasi bilan hamkorlik asosida metallga ishlov berishda jahon standartlaridan foydalanib kelinmoqda.

- Bunday korxonalarning «yuragi” - muhandis, konstruktorlar. Afsuski, bizda ko‘p zavodlarning shunday «yuragi” yo‘q. Aqlli mutaxassislarni topib, qo‘llab-quvvatlasak, mahalliylashtirishga katta hissa qo‘shadi, - deya ta’kidladi Prezident.

Sarmoyalar miqdori 50 million dollardan ortiq bo‘lgan "Binokor" MChJda temir-beton panellar va boshqa zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 

Korxonaga Germaniyaning “Vollert”, “Würschum”, Italiyaning “Maema”, “Schnell”, “AWM”, Rossiyaning “Tochnaya Stroitelnaya Mexanika”, “Gruzopodyem”, Polshaning “Airpol” va Ispaniyaning “Azcona Y Pantoja SL” kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiya va dastgohlar keltirib o‘rnatilgan.

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi

Korxonada 1 ming 200 dan ziyod muhandis va mutaxassislar ishlab, yiliga 150 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga yana 180 ming kvadrat metr qurilish paneli tayyorlanib, qo‘shimcha 670 ta ish o‘rni yaratiladi.

Prezident korxona faoliyati bilan tanishar ekan, mas’uliyati cheklangan jamiyatning moddiy-texnik bazasidan foydalanib, bu yerda o‘quv-amaliyot kombinati tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

- Mamlakatimizda katta-katta qurilishlar bo‘lyapti, yana rejalar ko‘p. Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari bo‘yicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi, - dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi

Shu kun prezident yana bir necha korxonalarga tashrif buyurdi. Ular orasida pishloq va boshqa sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Prof- Milk” qo‘shma korxonasi ham bor. 

Qiymati 3 million dollar bo‘lgan “Prof-Milk” qo‘shma korxonasi shu oyda ishga tushirilgan. U Shveysariyaning “Tanotrade” kompaniyasi va «Toshelektroapparat» xususiy korxonasi hamkorligida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Bu yerda 50 kishi ish bilan ta’minlangan.

Korxonada 1,5 ming tonna mahsulot, pishloqning 10 ga yaqin turi ishlab chiqariladi. Joriy yilda esa eritilgan pishloq bu qatorni to‘ldirishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi

Undan tashqari prezident Bektemir tumanidagi “Cooperation LAB” tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markaziga tashrif buyurdi. Ushbu tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazi “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Loyiha qiymati 2 million dollar bo‘lgan bu maskanda 50 kishi ish bilan ta’minlangan. Markaz g‘oyadan rastagacha tamoyili asosida avtomobilsozlik sohasida tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish, importni kamaytirish va mahalliylashtirish darajasini o‘stirishga mo‘ljallangan.

Prezident markazning kooperatsiya aloqalariga oid taqdimotlar bilan tanishdi. Malakali konstruktor va olimlarni jalb qilib, yangi texnikalarni o‘zlashtirish va buyurtma asosida yetkazib berish muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurdi