O‘zbekistonda poraxo‘rlarni ushlab bergan fuqarolarga pul mukofoti beriladi

Poraxo‘r amaldorlar haqida tegishli organlarga berilgan xabar uchun fuqarolarga pul mukofoti beriladi - yangi qonun.
Sputnik

TOShKENT, 21 avg - Sputnik. O‘zbekistonda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida aytib o‘tilgan. 

Mukofotlar fuqarolarga, nodavlat tijorat tashkilotiga, davlat tashkiloti xodimi yoki o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimiga berilishi mumkin. 

Korrupsion ish ustidan chiqarilgan sudning ayblov hukmi - ushbu faktni aniqlashda yordam bergan fuqaroning rag‘batlantirilishga asos bo‘ladi. 

Rag‘batlantirish miqdori korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning ijtimoiy xavfligidan kelib  chiqqan holda, budjetdan  bazaviy  hisoblash  miqdorining  3-25  baravari  (669 ming ‒ 5,6 mln so‘m), pora yoki zarar summasi BHMning 100  baravaridan  oshgan  taqdirda  pora  (zarar)  summasining  15 foizgacha (11,1 mln so‘m)  miqdorda  pul  mukofoti  bilan  rag‘batlantiriladi. 

Undan tashqari korrupsiyaga  oid  jinoyatlarni  fosh  etishda  ahamiyatga  ega dalillar  haqida  xabar  berganlik, tergov va tezkor-qidiruv tadbirlarini  o‘tkazishda  ko‘maklashganlik  uchun  tashakkurnoma  yoki  esdalik  sovg‘a bilan  rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. 

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu yangi qonun xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqqan holda tuzilgan. 

Misol uchun AQSh korrupsiya haqida xabar berganda noqonuniy olingan mulkning 15-30 foizigacha, kanadada 10 ming kanada dollarigacha pul mukofoti beriladi. Qo‘shni Qozog‘istonda kichik qoidabuzarlik uchun 2-6 mln so‘mgacha, katta summali poralar uchun - 67 mln so‘m ekvivalentigacha pul mukofoti beriladi. 

Qozog‘istonda  2017/19  yillarda  budjetidan  korrupsiyaga  oid  huquqbuzarlik  haqida  xabar  berganlik  uchun  
708 nafar  shaxs  99 mln  tenge  (2,4 mlrd so‘m),  joriy  yil  1-choragida  44 nafar  shaxs 7,2 mln  tenge  (176,6 mln so‘m)  bilan  rag‘batlantirilgan.