Dam olish kunlari O‘zbekistonga janubdan issiq va quruq oqim kiradi

O‘zbekistonda dam olish kunlarida va keyingi hafta boshida yana yoz issig‘i kuzatiladi, deb xabar qilmoqda O‘zgidromet
Sputnik

TOShKENT, 21 avg - Sputnik. Dam olish kunlari O‘zbekistonga janubdan issiq va quruq oqim kiradi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

Tuxum qovurilyapti: “O‘lim vodiysi”da jazirama rekordi yangilandi

Xabarga ko‘ra, dam olish kunlari respublika hududiga xorijiy janubdan issiq va quruq oqim kirishi kuchayadi. Mamlakatning katta qismida ob-havo kam bulutli bo‘ladi. Harorat ko‘tarilib yakshanba kuni kunduzi 37-39 darajagacha yetadi, bu meyordan 4-6 darajaga yuqoridir.

23 avgustda respublikaning shimoliy tumanlarida Kavkaz hududidan kiradigan kam nam havo hisobiga ob-havo o‘zgaradi.

Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida bulutlilik ortadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Orolbo‘yi tumanlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida bulutlilik ortadi, biroq yuqori harorat foni saqlanib turadi, faqat respublikaning shimoliy tumanlarida harorat 28-33 darajagacha pasayadi. 23 avgustda shimoliy viloyatlarda, 24-avgustda barcha viloyatlar bo‘yicha ayrim joylarda shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin.