O‘zbekistonliklar Mustaqillik bayramini oila davrasida nishonlashadi

Shifokorlar bilan maslahat qilgan holda shunday xulosaga kelingan: pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va sayillar o‘tkazishni cheklash talabini qo‘ymoqda.
Sputnik

TOShKENT, 20 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishi davomida, Mustaqillik bayramini pandemiya sharoitida nishonlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi, deb xabar qiladi prezident matbuot-xizmati.

Koronavirus qanday paydo bo‘lgani haqida yangi versiya e’lon qilindi

Ta’kidlanishicha, ushbu masalada shifokorlar bilan maslahat qilgan holda shunday xulosaga kelindiki, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va sayillar o‘tkazishni cheklash talabini qo‘ymoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korxona va tashkilotlarda ham bayram tadbirlari rejalashtirilgan taqdirda ularni sanitariya normalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi. Ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida bayram kunlari qiziqarli, yangi formatdagi ko‘rsatuvlar, eshittirish va chiqishlar namoyish etish borasida tavsiyalar berildi.

Mustaqillik bayramida haftasiga 5 kun ishlaydiganlar ham 6 kun ishlaydiganlar ham – 30-31 avgust hamda 1-sentabr kunlari (3 kun) dam oladi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 avgust 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 37 547 nafarni tashkil etmoqda. Infeksiyani yuqtirgan bemorlarning 33 mingdan ortig‘i sog‘aygan. Qurbonlar soni 252 nafarni tashkil qilmoqda.