Xorazmda maxsus investitsion kompaniya tashkil qilindi - prezident qarori

Xorazmda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha prezident maxsus qarori qabul qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 18 avg - Sputnik. Xorazm viloyatida investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi. Bu haqida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17 avgust kuni qabul qilingan qarorida aytib o‘tilgan. 

Maxsus investitsion kompaniya

Milliy Bank,  O‘zsanoatqurilishbank hamda Asaka banklarning tashqi iqtisodiy faoliyat investitsiya kompaniyalari ta’sischiligida ustav kapitali 30 mln AQSh dollari bo‘lgan “Khorezm Invest Project” MChJ investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Kompaniyaning asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilangan: 

  • Xorazm viloyatidagi investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish;
  • Loyihalarni amalga oshirishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish;

Keyinchalik kompaniya ustav fondi miqdori uchinchi shaxslarning hissalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan 100 million AQSh dollari miqdorigacha ko‘paytirilishi mumkin.

"Hazorasp" erkin iqtisodiy hududi kengaytiriladi  

Qarorda aytilishiga ko‘ra, "Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalari hisobidan kengaytiriladi. Taaluqli tashkilotlar tomonidan kengaytirilgan hududlar bosh rejasi ishlab chiqariladi va u yerlarda yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi quriladi va ta’mirlanadi.

Infratuzilma qurish ishlari bilan viloyat hokimligi huzurida tashkil qilingan “Yagona buyurtmachi xizmati” IK davlat unitar korxonasi shug‘ullanadi. 

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan ushbu “Hazorasp” EIZiga xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

"Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Polsha va Turkiya davlatlaridagi elchixonalari Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish choralarini ko‘rsin", - deyilgan qarorda. 

Undan tashqari, Xorazm viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli tarmoq korxonalari bilan birgalikda 2021-yil 1-aprelga qadar istiqbolli 26 ta yirik investitsiya loyihasi bilan bir vaqtda Xorazm viloyatining har bir tumanida qo‘shimcha yangi sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishini ta’minlasin.

Xorazm viloyati hokimligiga “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich joylashtirish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi. 

Infratuzilma - davlat krediti hisobiga 

Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi bilan kelishgan holda viloyat mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi Direksiyasi” DUKga kelgusi yillarda o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish sharti bilan 2020-2021 yillar davrida saqlash xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investitsiya kompaniyasiga 10 yil muddatga 2,5 foiz stavkasida 13 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘lar ajratilsin.

Belgilansinki, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘larni so‘ndirishda “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini qurish xarajatlari tegishli ravishda investitsiya loyihalari tashabbuskorlari tomonidan mutanosib ravishda ajratilgan yer maydoni ko‘lamidan kelib chiqib bosqichma-bosqich qoplanadi, so‘ndirish uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda investitsiya kompaniyasi tomonidan qaytariladi.