Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

Kuni kecha, 16-avgust kuni, plyaj ixlosmandlari uchun Navoiy viloyatidagi To‘dako‘l suv ombori sohilida zamonaviy "Silk Road Family Resort" kurorti o‘z bag‘rini ochdi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan OAV xodimlari uchun ko‘lga press-tur tashkil etildi
Sputnik

... Yangi kurort ochilishi haqida eshitiboq, To‘dako‘l sari otlangan dam oluvchilarni ochilish marosimiga tashrif buyurgan sal kam 40 kishidan iborat jurnalistlar guruhi boshida biroz "shoshirib" qo‘ygani rost. Sal oldin yangi plyaj va plyaj hududidagi basseynda miriqib cho‘milib, O‘zbekistonning dunyoga mashhur ko‘zni qamashtiruvchi quyoshi ostida bo‘shashib, toblanib yotganlar, birdan sergak tortib, ustilariga sochiqlarini yopib, ko‘rinishidan, cho‘milishga kelmagani ayon bo‘lib turgan bu mikrofon va kamera ko‘targan odamlarni qiziqsinab tomosha qilishga o‘tishgandi.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

Hammasini boshidan boshlasak.

To‘dako‘l suv xavzasi - hozirgi, zamonaviy ko‘rinishga kelgunga qadar, hatto ayrim bilimdonlar ham u borligi haqida eshitmagan, yoki bu yerga hordiq chiqarish mumkin, degan fikrdan yiroq bir maskan edi. Davlat rahbarining 19-iyundagi qarori bilan ko‘l hududida turistik zonani tashkil etish nazarda tutildi.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

Bu ishni shunchaki emas, balki qoyilmaqom qilib bajarish tashabbusi bilan buxorolik tadbirkorlar chiqqani uchun, bugun ko‘pchilik plyaj Buxoroda joylashgan, deya adashmoqda. Ammo, Buxoro va Navoiy viloyatlari hokimliklari rasmiylarining jurnalistlar oldida qilgan chiqishlaridan ma’lum bo‘ldiki, bir viloyatda joylashgan turistik zonaga ikkinchi viloyat biznes doirasining investitsiya kiritishi bahsli hudud degan tushunchani yuzaga keltirmaydi. Aksincha, turistik oqimning ortishi, qolaversa, mahalliy aholining ham chet elga emas, shundoq yonginasida turgan Fransiyaning Marselidan hech kami bo‘lmagan kurortda dam olishi ikkala viloyat budjeti daromadini oshirishidan tashqari, ikkisiga ham tegishli bo‘lgan ishsizlik masalasini bir muncha hal etishga yordam beradi.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

To‘dako‘l kurorti 15 gektar maydonni egallagan va obyekt birinchi bosqichda - 500 nafar, ikkinchi bosqichda esa 1500 nafardan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bugunning o‘zidayoq 150 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Shu bilan, To‘dako‘l kimniki, degan, ko‘pchilik uchun tushunarsiz bo‘lgan savolga nuqta qo‘yildi.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

...Havodan erkinlik nafasi ufurib turgan, to‘lqinlar allalaydigan, suvi iliq To‘dako‘lda bo‘lishni istasangiz, hozircha qariyb 30 kilometr noravon yo‘lni bosib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi. Keyin ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladigan manzara tufayli bir oz  toliqtiradigan bu adir-budir yo‘llarni bir onda unutib yuborasiz. Kiraverishda issiqlik o‘lchaydigan sanitar xodimning tekshiruvidan o‘tib olsangiz bo‘lgani, plyaj hududida ham ko‘ngildagidek hordiq chiqarib, do‘stlaringizdan kamida yuzlab "layklar"iga loyiq suratlarni olish mumkin.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

...Hozircha sanoqli bo‘lgan palma daraxtlari va 3 mingta yangi ekilgan ko‘chatlarni aytmaganda (dekorativ daraxtlar soni obyekt qurilib bitkazilganda 7 mingtani tashkil etishi kutilmoqda) , sohil bo‘yi deyarli soyasiz - qumliklar va lojuvard ko‘ldan iborat. Ammo istovchilar uchun soyabonlar ham bor. Chor atrofga Muslim Magomayevning "Sinyaya vechnost" umrboqiy taronasi yangramoqda. Beixtiyor, besh yillar oldinga nazar solasiz va loyiha to‘liq bitgach qanday ko‘rinishga kelishini ko‘z oldingizga keltirishga urinasiz.

Kichik "Disneylend", 50 kishilik otel, kema ko‘rinishidagi restoran, spa-salon, tabiat qo‘ynidagi gumbazsimon shakldagi uylar... Ushbu loyiha tashabbuskorlarning "omad chiptasi"ga aylanishiga va eng ommabom turistik yo‘nalishga aylanishiga, ishongingiz keladi.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

Aytgancha, plyaj bugun barcha uchun bepul. Tez kunda odam boshiga 100 ming, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bepul narx belgilanishi aytilmoqda.

Bu pulga istalgancha cho‘milishingiz, sohil bo‘yida joy olgan yog‘och lejaklardan foydalanishingiz mumkin.

Marsel yoningizda: To‘dako‘l plyaji ochilishidan reportaj

Ha, sal vaqt o‘tib, odamlar kameralarga ham o‘rgandi, endi ularning hech birini nishonga olib turgan operator qo‘rqitmas, aksincha, dam oluvchilar o‘zini chirpirak bo‘lib suvga otib, Magomayevga jo‘r bo‘lib, qo‘shiq aytib bugungi kundan, pandemiyadan keyin mahalliy hukumat tomonidan yaratilayotgan bu sharoitlardan quvonchdaligini namoyon etardilar.

Ko‘rkam va bir qarashda hashamatli bu maskan 2022-yilda to‘liq qurib bitkaziladi.

Aytgancha, istiqbolda O‘zbekistonning eng yaxshi plyaji nomiga hozirdanoq da’vogarlik qilayotgan To‘dako‘lga Buxoro avtovokzalidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yilishi ham kutilmoqda.