TOShKENT, 14 avg - Sputnik. AQSh Mudofaa vazirligi harbiy-havo kuchlari uchuvchilari to‘qnashib kelgan noma’lum uchar jismlarni (NUJ) o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhni tuzishga qaror qildi, deb xabar beradi RIA Novosti CNN o‘z harbiy manbalari asosida bergan ma’lumotiga tayanib.
"Mudofaa vazirining o‘rinbosari Devid Norkvist yaqin kunlarda rasman taqdim etilishi kutilayotgan ishchi guruhni nazorat qiladi", - deyiladi telekanal xabarida.
CNN iyul oyida AQSh Kongressida noma’lum uchar jismlar to‘g‘risida xavotirlar bildirilganini eslatdi, unda ushbu obyektlar Yerda ishlab chiqarilgan bo‘lishi va "ehtimoliy dushmanlar"ning razvedka vositalari bo‘lishi mumkinligi istisno qilishmagan.
Ikkinchi Jahon urushidan keyingi yillar davomida AQShda NUJlarni o‘rganish bo‘yicha bir necha bor turli darajadagi guruhlar tuzilgan edi.
Aprel oyi oxirida Pentagon o‘zining saytida "noma’lum hodisalar" aks ettirilgan videolarni joylashtirdi. Vazirlikka ko‘ra, AQSh harbiy-dengiz kuchlarining maxfiy bo‘lmagan uchta videolavhalardan biri 2004-yil noyabr oyida, qolgan ikkitasi - 2015-yilning yanvarida suratga olingan. Ularning barchasi Internetga Pentagonning ruxsatisiz 2007 va 2017-yillarda tushib qolgan, ularning haqiqiyligi harbiy-dengiz kuchlari tomonidan tan olingan. Keyinroq harbiylar bir nechta hisobotlarni chop etdilar, unda uchuvchilar 2013-yil 27-iyundan 2019-yil 13-fevralgacha NUJlar bilan uchrashuvlar haqida gapirishgan.
Iyun oyida, AQSh Prezidenti Donald Tramp, Nyu-Meksiko shtatida 1947-yilda sodir bo‘lgan NUJ qulashi bilan bog‘liq juda ko‘p qiziqarli narsalarni bilishini va bu hodisa haqidagi ma’lumotning oshkor qilinishi mumkinligini istisno qilmadi. Turli manbalarda Rozuell shahri yaqinida qulagan obyekt o‘zga sayyora kemasi va uning uchuvchisi AQSh hukumati tomonidan qo‘lga olingan va mahfiylashtirilgan o‘zga sayyoralik ekanligi haqidagi versiya mashhur bo‘lgan. AQSh harbiy-havo kuchlarining rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, Rozuellda topilgan obyekt maxfiy dasturning bir qismi sifatida ishlatiladigan ob-havo zondi bo‘lgan.