Tojikiston qo‘shnilar tufayli Rossiyaga avto-transport qatnovini amalga oshira olmayapti

Rossiyaning Tojikistondagi elchixonasi nima uchun davlatlar o‘rtasida yer usti qatnovi hanuz yopiqligini aytdi
Sputnik

TOShKENT, 13 avg - Sputnik. Rossiya va Tojikiston o‘rtasida avto-transport qatnovini tiklash muammosi juda dolzarb, dedi kecha o‘tkazilgan matbuot-anjumanida Rossiyaning Tojikistondagi elchixonasi konsullik bo‘limi boshlig‘i Valeriy Katunkin. Sputnik Tojikiston xabari asosida.

Qozog‘iston yetti mamlakat bilan muntazam parvozlarni tiklamoqda

"Rossiya va Tojikiston o‘rtasida yagona quruqlik chegarasi yo‘q. Chegaralar ikki suveren davlat - O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali o‘tadi. Va bu muammo (yer usti qatnovi - tahr.) haligacha hal qilinmadi", - dedi Katunkin.

Uning ta’kidlashicha, konsullik bo‘limi va elchixona avtokolonnalarni "yashil yo‘lak"dan O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari orqali o‘tishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Shu bilan birga, Katunkin Qozog‘istonda karantin rejimi 16-avgustgacha amal qilayotganini eslatdi.

"Qozog‘istonlik hamkorlarning ma’lum qilishicha, ular ushbu kolonnani o‘tkazib yuborishga deyarli tayyor. Ammo tibbiy ko‘rsatkichlar nuqtayi nazaridan va jinoiy vaziyat bilan bog‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfsizlikni ta’minlay olmaydilar. Chunki (yo‘llar-tahr.) uzunligi 1700 kilometrni tashkil etadi va u aholi kam yashaydigan va cho‘l hududlari orqali o‘tadi", - dedi u.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi yer usti qatnovining tiklanishi haqidagi mish-mishlar tez-tez paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birga, elchixona hozircha bunday harakatning iloji yo‘qligini ta’kidlamoqda.