OTM bitiruvchilari magistraturaga imtihonsiz qabul qilinishi mumkin – shartlar

O‘zbekistonda kimyo va biologiya bo‘yicha a’lo bahoga o‘qigan talabalar magistraturaga imtihonsiz qabul qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 13 avg — Sputnik. Kimyo va biologiya bo‘yicha a’lo bahoga o‘qigan talabalar magistraturaga imtihonsiz qabul qilinadi. Bu Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ko‘zda tutilgan.

Kasbiy imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari soddalashtiriladi

OTMlarning kimyo va biologiya ta’lim yo‘nalishlari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadasi g‘oliblari hamda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari magistraturaga tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kimyo va biologiya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha OTMlar maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida ko‘p bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – OTM) kimyo va biologiya fani bo‘yicha o‘zining olimpiadasini o‘tkazadi va 1-3 o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni OTMning mablag‘lari hisobidan imtihonsiz o‘qishga qabul qiladi.

OTMlarning kimyo va biologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bo‘lgan bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga qo‘shimcha imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

OTMlarning kimyo va biologiya mutaxassisligini a’lo baholar bilan tamomlagan magistrlarni tayanch doktoranturaga OTMning kengashi qarori asosida imtihonlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kvota doirasida qabul qilish tartibi joriy qilinadi.

Davlat test markazi 2021-yil 1-fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qiladi.

Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega maktab, litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat OTMga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga maksimal ball beriladi.