TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilish o‘tkazmoqda. Unda 15-avgustdan karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Prezident 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida yurishi, mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berish kerakligini aytdi.
Quyidagi belgilandi:
- sanatoriylar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlilar ijarasi, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklanadi;
- belgilangan talablarga amal qilgan holda uyda 30 kishilik oilaviy marosimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi;
- 17 avgustdan hududlar o‘rtasida avtotransport qatnovi, jamoat transporti (metropolitendan tashqari) va shahar atrofidagi avtobuslar qatnovi tiklanadi;
- 20 avgustdan buyum va qurilish mahsulotlari bozorlari, yirik savdo do‘konlari, sport zallari, fitnes klub va basseynlar ishlay boshlaydi;
Respublika maxsus komissiyasiga har bir faoliyat turi bo‘yicha qanday sanitariya talablariga amal qilish zarurligini aniq belgilash vazifasi qo‘yildi. Epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan davlatlardan kelgan shaxslarni karantiniga olish va undan chiqarish tartibini yengillashtirish, pnevmoniyadan tuzalgan aholini reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga kollektiv immunitet shakllanish jarayonini monitoring qilib borish uchun antitanachalar tahlilini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.
Televidenie va radioda madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar ko‘rsatuv va eshittirishlarni ko‘paytirish, ijtimoiy masofani saqlagan holda teatr, kino, konsert va boshqa tadbirlarni tashkil etish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
"Karantin talablari yumshatilayotgan bo‘lsa-da, barchamiz ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena talablariga so‘zsiz amal qilishimiz, ilgari yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Xudoga shukur, hammamiz ham yetarli tajriba orttirdik. Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz juda katta matonat va qahramonlik, tibbiy madaniyatini namoyon qilyapti. Temir intizom, qattiq chidam va sabr-toqat bilan biz albatta bu sinovlarni tez orada yengib o‘tamiz. Men bunga qat’iy ishonaman", – deya ta’kidladi Mirziyoyev.