So‘xda qurilayotgan kichik aeroport haqida ma’lumot berildi

Prezident qarori bilan So‘x tumani “Novobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 10 gektarda kichik aeroport tashkil etilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 12 avg — Sputnik. So‘x tumanida samolyot va vertolotlar uchish-qo‘nish maydonchasi tashkil etish ishlari boshlandi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripovning tuman faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

So‘x tumani hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, tumandagi “Novobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida kichik aeroport tashkil etilmoqda. Mazkur maydon salkam 10 gektar maydonni egallaydi. Bu yerdan ilgari mahalliy aholi aeroport sifatida foydalangan.

Farg‘onadan So‘xga kichik aviatsiya transportida qatnov yo‘lga qo‘yiladi

Aviaqatnovlarga O‘zbekistondagi “Humo Air” aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda “O‘zbekiston havo yo‘llarining” “Uzbekistan Helicopters” MChJga qarashli MI-8 vertolotlarini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

An-2 samolyoti 12 ta yo‘lovchi sig‘imiga, MI-8 vertoloti esa 16 nafardan 20 nafargacha odam olish imkoniyatiga ega hisoblanadi.

Yo‘lovchilar 35-40 daqiqada Farg‘onadan So‘xga yoki So‘xdan Farg‘onaga yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Parvozlarni hozircha kuniga 2 tadan amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Kelgusida talabga qarab parvozlar ko‘paytirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridan So‘x tumaniga kichik aviatsiya transportida parvozlar yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi.