Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Mustaqillikka erishgan Belarus tarixidagi oltinchi prezident saylovlari 9-avgust kuni bo‘lib o‘tmoqda. Prezident lavozimi uchun 5 nomzod kurash olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 9 avg — Sputnik. Bugun, 9-avgust kuni Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik Belarus nashri.

Bu mustaqillikka erishgan Belarus tarixidagi oltinchi prezident saylovlari sanaladi.

Saylov uchastkalari soat 08:00 da ochiladi va soat 20:00 gacha ishlaydi. So‘ngra ovozlarni hisoblash boshlanadi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi saylovning dastlabki natijalarini dushanba kuni ertalab e’lon qilishni va’da bermoqda.

Ro‘yxatdan o‘tgan besh nomzod prezidentlik kursisi uchun kurash olib borishmoqda: Aleksandr Lukashenko (amaldagi prezident), Sergey Cherechen (Belarus sotsial-demokratlar partiyasi raisi), Anna Kanopaskaya (sobiq deputat, tadbirkor, huquqshunos), Andrey Dmitriyev  (jamoat arbobi, “Govori pravdu” birlashmasi hamraisi), Svetlana Tixanovskaya (ro‘yxatdan o‘tish rad etilgan gomellik blogerning rafiqasi).

Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

4 avgust kuni boshlangan muddatidan oldin ovoz berishda 40 foizdan ziyod saylovchilar o‘z ovozlarini berib bo‘lishgan.