OTMga test sinovlari 2 soat davom etadi - DTM

Abituriyentlar maxsus dezinfeksion yo‘lakdan o‘tkaziladi, ularga bir martalik himoya vositalari (tibbiy niqob)ga qo‘shimcha ravishda kepkalar ham tarqatiladi
Sputnik

TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Davlat test markazi direktori Majid Karimov test jarayonlari qanday o‘tishi haqida ma’lumotlarni taqdim etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Test sinovlari 2-sentabrdan boshlanadi

Xususan, o‘tgan yildagidan farqli ravishda joriy yildagi test sinovlari stadionlarda 2 ta smenada test o‘tkaziladi.

Abituriyentlarga 2 ta fandan jami 60 ta test savollariga javob topish uchun  2 soat vaqt beriladi.

Shunda 1-smena 08:00 da boshlanib 10:00 da tamom bo‘ladi, 2-smena esa 17:00 da boshlanib, 19:00 da tugaydi. Soat 10 dan 17 gacha stadionda hech kim bo‘lmaydi.

Abituriyentlar maxsus dezinfeksion yo‘lakdan o‘tkaziladi, ularga bir martalik himoya vositalari (tibbiy niqob)ga qo‘shimcha ravishda kepkalar ham tarqatiladi.

Karimovning ta’kidiga ko‘ra, agar karantin 15-avgust yoki 30-avgustda bekor qilinsa, test sinovlari 2-sentabrda boshlanadi.

"Biz 2-sentabrgacha pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashidan umidvormiz. Agar karantin uzaytirilsa, albatta test qoldiriladi. Chunki birinchi navbatda abituriyentlar salomatligi turadi", — deb aytgan Davlat test markazi direktori.

Shuningdek, DTM test sinovi shaffof o‘tishi uchun sinovda qatnashadigan nazoratchilarni bodi-kameralar bilan ta’minlash bo‘yicha Maxsus komissiyaga taklif kiritishni rejalashtirmoqda.