TOShKENT, 5 avg — Sputnik. O‘zbekistonda Yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi. Tegishli qarorga prezident Shavkat Mirziyoyev imzo chekdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Mazkur tizim Sirdaryo viloyatida tajribadan o‘tib, o‘z samarasini ko‘rsatgan. Joriy yil yakuniga qadar uni barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
“Davlatimiz tomonidan ijtimoiy yordamlar ko‘lami kengaytirib borilishi jarayonida ushbu yangi tizimning muhimligiga e’tibor qaratildi. Jumladan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni hozirgi 600 mingdan joriy yil oxirigacha 1 million 200 ming, 2021-yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan. Bu borada Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi ko‘zda tutilgan”, - deyilgan xabarda.
Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab, kam ta’minlangan oila maqomini olish uchun fuqarolardan hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod ma’lumotlar talab qilinmaydi. Ehtiyojmand oilalarga 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar oson va qulay tarzda taqdim etiladi.
Yordam pullariga muhtoj oilalar ro‘yxati mahallalar kesimida adolatli tuzilib, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida tasdiqlanadi.