Beyrutdagi kuchli portlashning sababi aniqlandi

Beyrutdagi portlashning dastlabki sababi - dengiz portida o‘ta xavfli moddalarni saqlash paytida yo‘l qo‘yilgan beparvolik va harakatsizlik holatlari.
Sputnik

TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Beyrut portida yuz bergan portlash holatini dastlabki o‘rganish natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda Reuters axborot agentligi tergov ishlari bilan tanish bo‘lgan manbaga asosan xabar qildi.

Beyrutdagi dahshatli portlashning ayanchli oqibatlari - foto

Ma’lumotlarga ko‘ra, Beyrutda portlashning dastlabki sababi - dengiz portida xavfli moddalarni saqlash paytida yo‘l qo‘yilgan harakatsizlik va beparvolik holatlari.

Ta’kidlanishicha, ushbu muammo bilan shug‘ullanuvchi inspeksiya 6 oy oldin qonunbuzarliklarga e’tibor qaratgan. Qo‘mita va sudyalar tomonidan xavfli moddalarni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror tayyorlash yuzasidan “hech narsa qilinmagan”.

Livan huqumati portlash sodir bo‘lgan port ma’muriyatining barchasini uy qamog‘iga olish haqida topshiriq bergan.

Livan poytaxti Beyrut shahrining portida kuni kecha, 4-avgustda kuchli portlash sodir bo‘ldi. So‘nggi malumotlarga ko‘ra, 113 kishi halok bo‘ldi, to‘rt mingdan ziyod inson jarohatlandi.

Livan poytaxti Beyrut shahrida yuz bergan portlash 3-5 milliard dollar miqdorida zarar yetkazdi.

Livan bosh vaziri Xassan Diyab portda olti yil davomida noto‘g‘ri saqlangan 2750 tonna ammiak selitrasini portlash sababi sifatida keltirgan. Fojia tufayli Livanda uch kunlik motam e’lon qilingan.