Mirziyoyev Yerniyazov ta’ziya marosimida ishtirok etish uchun Nukusga jo‘nab ketdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining raisi – O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov kuni kecha o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etgan edi.
Sputnik

TOShKENT, 1 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda o‘zbek yetakchisi matbuot-xizmati.

Mirziyoyev O‘zbekiston Qahramoni Yerniyazov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Mirziyoyev Nukusda 1-avgust kuni bo‘lib o‘tadigan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov xotirasiga bag‘ishlangan ta’ziya marosimlarida ishtirok etadi.

Atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Yerniyazov shu yil 31-iyul kuni 73 yoshida og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.

Musa Tajetdinovich Yerniyazov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatida mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga ulkan hissa qo‘shgan, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot uchun zarur bo‘lgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘lida ayniqsa  faollik ko‘rsatgan.

Musa Yerniyazovning davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlangan. U "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi" va "O‘zbekiston qahramoni" degan yuksak unvonlar bilan mukofotlangan.