TOShKENT, 31-iyul - Sputnik. Iste’molchilar uchun elektr energiyasi tariflari oshirilmaydi, deb xabar qilmoqda "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, ayrim OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 14-avgustidan e’tiboran elektr energiyasi uchun tariflarning oshirilishi to‘g‘risidagi xabarlar noto‘g‘ri talqin etilmoqda.
"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2020-yil 29-iyuldagi 5-sonli yig‘ilishi qaroriga asosan 2020-yilning 14-avgustidan e’tiboran elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish bo‘yicha elektrenergetika sohasi korxonalari o‘rtasida yangi tariflar joriy etilishi belgilangan. Ushbu tariflarning amaliyotga tatbiq etilishi, sohaviy muassasalar o‘rtasidagi moliya-iqtisod munosabatlariga daxldor bo‘lib, oqibatda elektr energiyasining iste’molchilarga yetkazib berish tariflariga ta’sir ko‘rsatmaydi, ya’ni narxlarning oshishiga sabab bo‘lmaydi", - deyiladi xabarda.