TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Agar sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qonunchilikda transportni boshqarish huquqidan mahrum etish tarzidagi jazo qo‘llash belgilangan bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi YPX xodimi tomonidan olib qo‘yilishi mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi eslatma bilan chiqdi.
Haydovchilik guvohnomasi tortib olinayotganida, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga va haydovchiga mo‘ljallangan maxsus talonda yozuv kiritishlari shart.
Qonunga ko‘ra, YPX xodimlari quyidagi holatlarda mashina egasidan hujjatni olib qo‘yish huquqiga ega.
Haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yilishi sabablari:
- huquqbuzar vakolatli shaxslarning talablariga qaramay, noqonuniy xatti-harakatni to‘xtatmaganida;
- haydovchi bir yil ichida qonunbuzarlikni takroran sodir etgan bo‘lsa, shuningdek, sudlangan bo‘lsa;
- qoidabuzar jinoyatga voyaga yetmagan farzandini jalb qilgan bo‘lsa;
- jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
- transport vositasi egasi tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar sharoitida noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirgan bo‘lsa;
- haydovchi harakatlanish paytida mast bo‘lsa. Ushbu holat tekshiruvchi mansabdor shaxsning qarori bilan og‘irlashtiruvchi deb tan olinmasligi mumkin.
Ta’kidlanishicha, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish chorasi faqat sud qarori bilan qo‘llanilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekistonda eski ko‘rinishdagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish muddati 2021-yil 31-dekabrgacha uzaytirildi. Transport vositasida eskirgan hujjatlar 2022-yil 1-yanvardan boshlab kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.