TOShKENT, 28-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasi importi hajmini oshirdi. Bu haqda “O‘zbekiston MET” AJ axborot xizmati xabar qilmoqda.
“27 iyul kuni soat 01:35 vaqti bilan Turkmanistondan elektr energiyasi import hajmi oshirildi. Hozircha 500 kVli Qorako‘l–Serdar havo tarmoqlari orqali O‘zbekistonga 80 MVt quvvat yetkazib berilmoqda”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, kun davomida yetkazib beriladigan quvvat hajmi 200 MVtgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq bir nechta omillar sababli elektr ta’minoti tizimiga ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi xabar qilingan edi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan haftaning shanba va yakshanba kunlari energetika tizimida iste’molni cheklash holatlari kuzatilmagan. Turkmanistondan elektr energiyasi importining boshlanishi mamlakatda ishlab chiqarilayotgan asosiy elektr energiyasiga qo‘shimcha ravishda yangi haftaning ish kunlarida ham iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.