Alkogol savdosi litsenziyasi muddati cheklanmaydigan bo‘ldi - prezident farmoni

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi - prezident farmoni.
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. O‘zbekistonda alkogol chakana savdosi  bilan shug‘ullanadigan muassasalarga beriladigan litsenziya muddati cheklanmaydigan bo‘ldi. Bu haqida prezidentning 23-iyul kuni imzolangan 6033-sonli farmoni aytib o‘tilgan.  

Farmonga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi va Moliya vazirligi huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi negizida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi hamda ushbu agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Agentlikning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan: 

  1. alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash;
  2. iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchilar tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
  3. alkogol va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun korxonalar o‘rtasida iste’mol etil spirtini belgilangan tartibda taqsimlash.
  4. sohaga investitsiyalarni jalb etish, uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash;
  5. o‘zbek vinolarining milliy brendini yaratish va uni jahon bozorlarida keng targ‘ib qilish tadbirlarini amalga oshirish;

Shuningdek, ushbu Farmonga ko‘ra 2020-yil 1-avgustdan:

  • alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi;
  • ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida (joylarida) realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi;
  • ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtining 50 foiz haqini oldindan to‘lash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Farmon vinochilik sohasini jadal rivojlantirish, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish va eksport hajmlarini oshirish, alkogol mahsulotlari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida qabul qilingan.

Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.