Olimpiada-80 O‘zbekistonda ish jadvalini qanday o‘zgartirib yubordi - To‘xtamirzayev

Taniqli o‘zbek telejurnalisti, futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev Moskva Olimpiadasi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U hatto Toshkentda bo‘la turib ham sport bayramining umumiy muhitini his qilgandi.
Sputnik

Shu kunlarda Moskvadagi Olimpiada o‘yinlarining 40-yilligi nishonlanmoqda. Butun katta mamlakat uchun ular nafaqat umumiy bayram, balki jamiyatning barcha jabhalari uchun jiddiy sinovga aylandi.

Birinchi keng ko‘lamli tadbirga dahldorlikni nafaqat Moskva, Leningrad, Kiyev va Minskdagi o‘yinlarning bevosita mehmonlari, balki ittifoqning boshqa respublikalarining aholisi ham his qilgan.

O‘sha kunlarda telejurnalist va futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev sovet sportchilarining g‘alabalari haqida reportajlar olib borgan, ma’lumotlar yozgan, va, albatta, barcha o‘zbekistonliklar singari, hamurtlari uchun qayg‘urgan.

“Biz ko‘p sport turlari bo‘yicha oltin medallarga umid qilib kutganmiz. Velosportchimiz Panfilov rekord natijani ko‘rsatib g‘alaba qozonishga yaqin bo‘ldi. Lekin oxirida u avstriyalikka ikki soniya boy berdi. Shuningdek, ot sportida ham imkoniyatlar bo‘lgan. Afsuski, Yuriy Kovshov “kumush”ni qozondi. “Andijanka”dagi qizlarimiz ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga yaqin bo‘ldilar, ammo natijada ular “bronza”ni qo‘lga kiritishdi. Ammo g‘alabani jamoadoshlari bilan birga nishonlagan Larisa Pavlova uchun juda xursand bo‘ldik. Ularni g‘alabaga afsonaviy va doimiy murabbiy Nikolay Karpol olib keldi”, - deya eslaydi telejurnalist.

Shu bilan birga, individual sport afzal ko‘rishlari va milliy xayrixohliklarga qaramay, Olimpiada umumiy vatanparvarlik ta’siriga ega bo‘ldi. Hamma Moskvadan translyatsiyalarni tomosha qilgan va xabarlarni o‘tkazib yubormaslik uchun hatto ish jadvalini o‘zgartirishga ham borishgan.

“Esimda, qurilish tresti rahbariyati hatto talabalar qurilish brigadalarining ish vaqtini o‘zgartirdi: ular smenaga ertalab soat 7 dan chiqqan, soat 12 gacha ishlab tushlikka chiqishgan. 12.45dan boshlab Moskvadan birinchi xabarlar boshlanardi va ular soat 16.00 gacha davom etgan. 15.40 dan talabalar ikkinchi smenaga ketishardi, kechki translyatsiyaga ulgurish uchun 19.00 ga ishni tugatishardi”, - dedi To‘xtamirzayev.

Jurnalistda Olimpiada-80 O‘yinlaridan esdaliklari ham qolgan: o‘yinlar deyarli tugashi bilan Mirzahakim aka SSSR poytaxtiga tashrif buyurdi va u yerdan esdalik sifatida Olimpiya ramzlari tushirilgan galstuk va bokal sotib olgan.

“Bu juda sharafli edi, shu zahotiyoq o‘zimning ushbu tadbirga dahldorligim hissini o‘yg‘otgan. Hatto sharaf taxtasiga men Olimpiada galstugida suratga tushdim”, - deb eslaydi sport faxriysi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shonli Olimpiya an’analari bugun ham davom etmoqda. Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Sovet Ittifoqidan tortib mustaqil O‘zbekiston davridagi turli O‘yinlar qahramonlari to‘g‘risidagi eksponatlar va qimmatli fotosuratlar to‘plandi. Hatto O‘zbekistonlik barcha sovrindorlar va chempionlar haqida o‘zbek va rus tillarida sportchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan alohida kitob nashr etildi.

O‘sha shonli davr haqida batafsil hikoya - Sputnik O‘zbekistonga bergan intervyusida.