O‘zbekiston kislorod konsentratorlarini mamlakatga olish uchun maxsus samolyot ajratishga tayyor

Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatga yetkazish topshirig‘i berildi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekiston kislorod konsentratorlarini mamlakatga olish uchun maxsus samolyot ajratishga tayyor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortadi. Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shaxar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan “provizor” shifoxonalarida 1 000 dan ortiq kislorod o‘tkazadigan nuqtalar sonini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Bosh prokuror va poytaxt hokimi “O‘zekspomarkaz”dagi bemorlar uchun o‘rinlarni ko‘zdan kechirdi

Toshkent shahri hokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi o‘z hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan to‘ldirib borishga shaxsan mas’ulligi belgilandi.

Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda.

“Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirig‘i berildi. Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozimligi qayd etildi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda tasdiqlangan koronavirus holati 16 966 taga yetgan. 9 279 nafar bemor ushbu kasallikni yenggan. 88 kishi virus qurboniga aylangan.