TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev poytaxtda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni qabul qila oladigan bir necha maskanlarni borib o‘rgandi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular Uchtepa tumanida joylashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yotoqxonasida bemorlarni davolash uchun tashkil etilgan joyni o‘rganishgan. Davolash jarayonida qulayliklar yaratilishi borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berishgan.
Shuningdek, tuman mas’ullari bilan birga Chilonzor tumanida joylashgan "CARDIO STAR PLUS" MChJda 50 nafar bemorlar uchun zaxira o‘rinlari, u yerdagi shart-sharoitlar, davolanish uchun kerakli dori vositalari hamda uskunalar bilan jihozlanganligini o‘rgandilar.
Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimi va mutasaddilar bilan birga Yunusoboddagi “O‘zekspomarkaz” maydonlarida koronavirus bemorlarini joylashtirish uchun yaratilgan zaxira o‘rinlarini ko‘zdan kechirishdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holati 16429 taga yetgan. Bemorlarning 9127 nafari tuzalib ketgan. Hozirda 7218 nafar bemor davolanmoqda. Ulardan 21 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.