Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarni "soxta Payg‘ambarlar"ga ishonmaslikka chaqirdi

Xabarda aytilishicha, internet saytlarida "Allohning elchisi" deb, turli safsatalarni to‘qiyotgan shaxsning gap-so‘zlari ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, musulmon ahlining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 18-iyul - Sputnik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita fuqarolarni so‘nggi vaqtlarda internetda faolligi ortgan "soxta Payg‘ambarga" ortiqcha e’tibor bermaslikka chaqirmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Qur’onga qarshi chiqqan blogerga javob qaytardi

Xabarda aytilishicha, internet saytlarida "Allohning elchisi" deb, turli safsatalarni to‘qiyotgan shaxsning gap-so‘zlari ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, musulmon ahlining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

"Shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’iy nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati, diniy mansubligini hurmat qilishga majburdir. Yurtimiz hududida faoliyat yuritayotgan har bir din vakilining diniy manbalari, qadriyatlari, muqaddas tuyg‘ulari, ular tomonidan e’zozlanadigan shaxslar hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lish, obro‘sizlantirish, soxta da’vo va tuhmat qilishga hech kimning haqqi yo‘q", - deyiladi murojaatda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bugungi murakkab davrda odamlarni diniy e’tiqodlariga taalluqli bo‘lgan bu kabi nojoiz holatni qoralashini bayon etgan.

Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masala yuzasidan fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lib, bu kabi soxta Payg‘ambarlar har zamonda uchrab turishi nuqtayi-nazaridan unga ortiqcha e’tibor bermaslikni so‘rab qolgan.