TOShKENT, 17-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 133 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 15 482 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanishlar: 25 nafari - karantin markazidagi (barchasi xorijdan kelgan) fuqarolar, 47 nafari - Toshkent shahrida tana harorati ko‘tarilgani tufayli profilaktika maqsadida hamda bemor bilan muloqotda bo‘lgani sababli namuna olingan fuqarolar, 25 nafari - Andijon viloyatida, 22 nafari - Samarqand viloyatida hamda 14 nafari - Namangan viloyatida bemor bilan muloqotda bo‘lgani sababli namuna olingan fuqarolar.
Davolanish ko‘rsatkichi
Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 8 783 nafarga yetdi.
Ayni paytda 6 622 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
O‘lim holatlari
Toshkentlik 48 yoshli bemor koronavirusning navbatdagi qurboni bo‘ldi.
Yunusobod tumanida yashagan 48 yoshli fuqaro T.Yo. (erkak) tana haroratining ko‘tarilishi sababli namuna topshirgan. Joriy yil 29-iyun kuni unda "COVID-19" aniqlangan va yo‘tal, hansirash belgilari kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Unga miokard infarkti, "COVID-19" infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘ng o‘pka spontan pnevmotoraksi, nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Yana bir holat: Toshkent shahri Sirg‘ali tumanida yashovchi 62 yoshli N.A.da (ayol) joriy yil 8-iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va shahar 1-son klinik shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas hamda yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.
O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.
O‘zbekistonda jami 77 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
MDH davlatlariga yordam
2020 yil fevral oyidan beri Rossiya 32ta davlatga COVID-19ga qarshi kurashishda yordam bermoqda. Gumanitar yuklarning yarmidan ko‘pi MDH, Abxaziya va Janubiy Osetiyaga jo‘natildi.
Rossiya xorijga 734 ming dona koronavirusni aniqlash testlarini beg‘araz yordam sifatida yubordi. Bu hajmning deyarli 55 foizi yoki 402,7 ming donasini MDH mamlakatlari, Abxaziya va Janubiy Osetiya oldi. Markaziy Osiyo mamlakatlariga - Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘istonga eng katta partiyasi jo‘natildi.
Rossiyada ishlab chiqarilgan o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qilish apparatlarini (IVL) eksport qilish ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Rossiya Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov 600 donadan ortiq IVL apparati O‘zbekiston, Belarus, Seriya va Italiya yuborilganini ma’lum qildi.
Bepul dori-darmon
Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Uyida davlanayotgan bemorlarga "Gidroksixloroxin", "Azitromitsin", "Paratsetamol", "Vitamin S" kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan meyorda, bepul yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Kovid va xususiy klinikalar
Respublikadagi barcha xususiy klinikalarga koronovirusga test olish va davolashga ruxsat berildi. Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xususiy klinikalarga koronavirusni aniqlash uchun PZR-testlar o‘tkazish va koronavirusga chalingan bemorlarni davolash huquqi taqdim etilgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi va hokimliklarga xususiy va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqorida ko‘rsatilgan masalalarda faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yordam ko‘rsatish topshirilgan.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 13,8 milliondan oshdi, 591 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (3,6 mln), Braziliyada (2,0 mln), Hindistonda (1,0 mln).