Koronavirusga chalingan yana bir ichki ishlar xodimi vafot etdi

Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash guruhi katta mutaxassis-muhandisi podpolkovnik Abdulaziz Toshev vafot etdi
Sputnik

TOShKENT, 17-iyul — Sputnik. Koronavirusga chalingani tasdiqlangan yana bir ichki ishlar organi xodimi 12-iyul kuni vafot etgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

"IIV rahbariyati va shaxsiy tarkibi Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash guruhi katta mutaxassis-muhandisi podpolkovnik Abdulaziz Abduvahobovich Toshevning vafoti munosabati bilan marhumning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi", — deyiladi IIV matbuot xizmati tomonidan 16-iyul kuni e’lon qilingan ta’ziyanomada.

Koronavirusga chalingan yana bir ichki ishlar xodimi vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshevning vafot etganini tasdiqladi.

“Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi 42 yoshli fuqaro T.A. (erkak) 2020-yilning 29-iyundan 12-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida o‘tkir pankreatit, o‘t qopi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti, gemoragik pankranekroz, oshqozonosti bezini drenajlash tashxisi bilan davolangan. Shuningdek, bemordan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Unga o‘tkir total yog‘li pankreonekroz, o‘tkir xoletsistit, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etgan”, - deyilgan xabarda.

Bundan avval, IIV matbuot xizmati 13-iyul, dushanba kuni Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor A’loxon Abzalovich Shomahmudovning vafot etganini e’lon qilgandi. 14-iyul, seshanba kuni esa IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nosirovich Nafasovning vafoti munosabati ta’ziya e’lon qilindi.