TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. Bo‘kada profilaktika inspektori o‘zini yoqib yuborgan 67 yoshli ayol hayotini saqlab qoldi. Bu haqda IIV matbuot-xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Bo‘ka tumani "Qoraquduq" mahalla fuqarolari yig‘ini profilaktika inspektori katta leytenant Farhod Qulmatov o‘z hududida xizmat olib borayotgan vaqtida, shu mahallada yashovchi 67 yoshli ayol o‘ziga o‘t qo‘yayotganini ko‘rib, darhol olovni o‘chirish choralarini ko‘rgan. Fuqaroga birinchi yordam ko‘rsatib, uning hayotini saqlab qolgan.
Tuman markaziy shifoxonasi tomonidan ayolga I-II darajali kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Shuningdek, katta leytenant Farxod Kulmatovning o‘zida (o‘ng ko‘l sohasi) ham II-III darajali kuyish jarohati borligi shifoxona ma’lumotnomasida ko‘rsatilgan.
Ayol suhbat davomida, oilasida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqani va bundan qattiq ranjiganini aytib, o‘z joniga qasd qilish maqsadida o‘zini yoqib yuborganini bayon qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Bo‘ka tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.