O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi

Bitim u kuchga kirgunga qadar berilgan ta’lim hujjatlariga tadbiq etilmaydi (O‘zbekiston SSR yoki Belarus SSRda berilgan hujjatlardan tashqari), shuningdek, ikki mamlakatda kasbiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida tan olish jarayonini bekor qilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 15-iyul - Sputnik. O‘zbekiston Hukumati bilan Belarus Hukumati o‘rtasida ta’limga oid hujjatlarni, o‘qishga oid hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi Bitim 2020-yil 13-iyuldan e’tiboran kuchga kirdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot-xizmati.

Senat vakili Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tavsiyasiga e’tiroz bildirdi

Mazkur xalqaro shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga tashrifi davomida 2019-yil 1-avgustda imzolangan.

Bitimga muvofiq tomonlardan birining davlat ta’lim muassasalari yoki ilmiy tashkilotlari tarafidan berilgan davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risida hujjatlar boshqa tomon hududida tan olinadi va keyingi darajalardagi tegishli dasturlar bo‘yicha o‘qishni davom ettirishga imkon beradi.

Ushbu xalqaro shartnoma ikki mamlakat ta’lim muassasalarida tahsilni davom ettirish istagidagi O‘zbekiston va Belarus fuqarolari uchun ilm olish yo‘lidagi burokratik to‘siqlarni bartaraf etish va qulay shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi.

Bunda Bitim u kuchga kirgunga qadar berilgan ta’lim hujjatlariga tadbiq etilmaydi (O‘zbekiston SSR yoki Belarus SSRda berilgan hujjatlardan tashqari), shuningdek, ikki mamlakatda kasbiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida tan olish jarayonini bekor qilmaydi.

Yuqorida ko‘rsatilgan Bitimni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Belarus Respublikasi Ta’lim vazirligi hisoblanadi.