TOShKENT, 15-iyul - Sputnik. Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi (RFA SB) Molekulyar va hujayrali biologiya instituti olimlari (IMKB) Rossiyada birinchi bo‘lib SARS-CoV-2 koronavirusini zararsizlantiruvchi antitanachalarni yetishtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda RIA Novosti-ga RFA SB raisining istiqbolli loyihalar bo‘yicha maslahatchisi Olga Doroxova ma’lum qildi.
“Buning uchun biz COVID-19 bilan kasallanib davolanib chiqqan donorlarning qon namunalaridan va V-limfotsitlarni saralashning noyob texnologiyasidan foydalandik”, - dedi agentlik suhbatdoshi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, olingan antitanachalar virus va ACE2 membrana oqsilining birlashishiga to‘sqinlik qilishga qodir va mos ravishda uning inson hujayralariga kirib borishini oldini oladi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi tadqiqotlar maxsus terapiya va koronavirus kasalligining oldini olish uchun dorilarni yaratishga yordam beradi.
“Bundan tashqari, olingan materiallar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishda himoya immuniteti xususiyatlarini o‘rganishga imkon beradi va vaksinalarni takomillashtirishda talabgir bo‘ladi”, - deya qo‘shimcha qildi Doroxova.
RFA SB IMKBning Biologiya fanlari doktori Aleksandr Taranin boshchiligidagi immunogenetika laboratoriyasi, kasalliklarning molekulyar diagnostikasi va terapiyasini yaratish, odam oqsillarini funksional tahlil qilish, shuningdek immunitet tizimining molekulyar evolyutsiyasini tiklash bilan shug‘ullanadi.