O‘zbekiston epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish uchun 200 mln $ qarz oladi

Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekistonga 200 million dollar ajratadi.
Sputnik

TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish va jihozlash uchun 200 million dollar kredit oladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

13 iyul kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov videokonferensaloqa orqali Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Masatsugu Asakava bilan muzokaralar o‘tkazdi.

OTB O‘zbekistonga 500 mln $ imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi

“OTB Prezidenti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish va jihozlash uchun 100 mln dollar miqdorida yangi kreditni ma’qullash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanayotganigini ma’lum qildi”, - deyilgan xabarda.

Kredit joriy yilning avgust oyi boshida ma’qullanishi kutilmoqda.

Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirish uchun birgalikda moliyalashtirish asosida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining 100 mln dollarlik mablag‘lari jalb etilishi ma’lum qilindi.