Adliya vaziri o‘rinbosari nega "Favqulodda vaziyat" e’lon qilinmayotganini tushuntirdi

Dunyo tajribasi pandemiya sharoitida "Favqulodda vaziyat" holati kiritish - epidemiyaga qarshi choralarning eng samaralisi emasligini ko‘rsatmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 14-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda bir qator jiddiy cheklovlar kiritilishiga qaramasdan, nima sababdan "Favqulodda vaziyat" e’lon qilinmayotganini Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov kecha 13-iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda tushintirdi

Xususan, nima uchun favqulodda holat (vaziyat) sharoitlariga o‘xshash cheklovlar o‘rnatilganiga qaramay, favqulodda holat o‘rnatilgani haqida rasman e’lon qilinmayapti, - degan savolga, Ikramov quyidagicha javob berdi. 

"Dunyo mamlakatlari tajribasining tahlili koronavirus qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni baholash va uning natijadorligi kiritilgan tartibning shakli: favqulotda holat, favqulotda vaziyat, komendantlik soati, karantinni alohida yoki birgalikda joriy qilinganligiga bog‘liq emasligini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan epidemiyaga qarshi tadbirlar ko‘proq “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunning talablariga mos keladi va quyidagilarni qamrab oladi:

  • mamlakat hududlarining sanitariya muhofazasi (sanitar-karantin nazorati o‘tkazish va cheklovchi tadbirlar (karantin) kiritish orqali ta’minlanadi);
  • infeksion kasalliklar o‘choqlarida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazish, majburiy tibbiy ko‘riklar.

Hozirda koronavirus infeksiyasi bilan kurashda cheklovchi tadbirlar (karantin) mavjud tartiblar ichida eng mutanosibi bo‘lib turibdi va o‘zining natijasini bermoqda. Zarurat tug‘ilganda, mazkur tartib doirasida qo‘shimcha cheklovlar kiritilishi mumkin, hammasi vaziyatdan kelib chiqadi."

Karantin 1-avgustdan keyin ham cho‘zilishi mumkin – Yusupaliyev

Undan tashqari vazir o‘rinbosari kiritlayotgan ushbu cheklovlar O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsion huquq va erkinliklarini buzmayotganini ham tushintirib berdi. 

Xususan, Konstitutsiyaning 20-moddasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda (e’tibor qiling) boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi belgilangan. Ya’ni, shaxsiy huquqlarni amalga oshirish boshqalarning huquqi oldida mutlaq bo‘lishi mumkin emas, deyilgan. 

Avtotransport harakatiga kiritilgan cheklovlar esa “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunda aks etgan. 

Shuningdek, cheklashlar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga ham zid emasligi aytib o‘tildi.