Surxondaryoda qizini 10 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ona ushlandi

Avvaliga 28 yoshli ona yangi tug‘ilgan qizini sud orqali Yu.T.ga berishga rozi bo‘lgan. Lekin sudda fikridan qaytgan.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul - Sputnik. Surxondaryo viloyatida yosh ona yangi tug‘ilgan qizini 10 million so‘mga sotishga urindi, deb xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

“28 yoshli F.N. avvaliga yangi tug‘ilgan qizini sud orqali 35 yoshli Yu.T.ga berishga rozi bo‘lgan va buning uchun bola tug‘ish paytida dori-darmon va boshqa xarajatlarga sarflagan 1,7 million so‘mini olgan. Ammo keyin u o‘z fikrini o‘zgartirib, Yu.T.ga qizini berib yuborishdan bosh tortganligini ma’lum qilgan”, - deyiladi xabarda.

To‘rtko‘l tumanida 13 yoshli o‘g‘lini sotishga uringan ona qo‘lga tushdi

Ushbu voqeadan keyin ayol yana Yu.T. bilan telefon orqali bog‘lanib, uning uyiga bir necha bor tashrif buyurgan va chaqaloq uchun 10 million so‘m talab qilgan. Bundan keyin Yu.T. ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan.

Natijada F.N. qiz chaqalog‘i uchun  Yu.T.dan talab qilgan 10 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.