Karantin 1-avgustdan keyin ham cho‘zilishi mumkin – Yusupaliyev

Agar O‘zbekistonda kasallanish va vafot etganlar dinamikasi oshsa karantin muddati yana uzaytirilishi mumkin - vazir o‘rinbosari.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda COVID-19 tufayli joriy etilgan karantin 1-avgustdan keyin ham uzaytirilishi mumkin, dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev “O‘zbekiston 24” telekanali efirida.

“Agar aholi orasida kasallanganlar va vafot etganlar soni o‘sishi dinamikasi kuzatilsa, karantin choralari uzaytirilishi mumkin”, - dedi Yusupaliyev telekanalga bergan intervyusida.  

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari aytishiga qaraganda karantin muddati  1 avgutsga qadar  belgilanishiga sabab COVID-19 kasalligining inkubatsion davri 14 kunligidadir.

Karantin 2.0 – yangi cheklovlar

“Biz bir yarim sikl muddat karantinda bo‘lamiz. Bu virusning odamdan odamga yuqishini oldini olish uchun optimal muddat”, - dedi Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin choralarini kuchaytirish haqida qaror qabul qilishgan edi. Yangi tartib barcha hududlarni qizil deb e’lon qilish, bozor, istirohat bog‘lari kabi jamoat joylarini vaqtincha yopish, jamoat transporti harakatini to‘xtatish, shaxsiy avtomobillarda stiker bilan harakatlanish kabi choralarni nazarda tutadi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda 13360ta koronavirus holati qayd etilgan. Ulardan 7852 nafari sog‘ayib ketgan, 62 kishi vafot etgan.