O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi

Ushbu hujjat qoidalariga muvofiq, ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi qo‘llaniladi.
Sputnik

TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim 2020-yil 9-iyuldan e’tiboran kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari

Hujjat 2017-yil 25-oktabrda, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi davomida imzolangan.

Ushbu hujjat qoidalariga muvofiq, ikki mamlakat investorlari tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi qo‘llaniladi.

“Bitim investorlar huquqlarini himoyalash, sarmoya va texnologiyalarning kirib kelishini qulaylashtirish, pul o‘tkazmalarining erkin bajarilishi huquqiy asoslarini belgilagan”, - deyilgan xabarda.

Hujjat 1992-yil 28-aprelda imzolangan avvalgi hukumatlararo bitimni almashtiradi hamda zamonaviy voqelikni inobatga olgan holda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, bitim ikki davlat iqtisodiyotiga o‘zaro investitsiyalar oqimi uchun mustahkam asos yaratadi, shuningdek, salohiyatli xorijiy investorlar uchun har ikki mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi.