TOShKENT, 10-iyul - Sputnik. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yillar davomida yer osti suvlarini neft mahsulotlari bilan ifloslashtirib kelinganini tan oldi. Bu haqida korxona tomonidan tarqatilgan rasmiy ma’lumotda xabar qilingan.
"Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 60-yildan ko‘proq davrdagi faoliyati davomida, turli texnologik nosozliklar (xom ashyo va tayyor mahsulotlarning oqib ketishi) natijasida suvli yerlarda yer osti suvlari ifloslangan katta maydon hosil bo‘lgan", - deyilgan xabarda.
Korxona bayonotida aytilishga ko‘ra, "O‘zbekgidrogeologiya" DM, “Farg‘onagidrosuv xo‘jaligi” instituti, "O‘zLITIneftegaz" AJ, "Gidrogeotexnika" OAOT bilan birgalikda 1992-1997 yillarda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida ifloslangan maydoni o‘lchamlari va neft mahsulotlari salmog‘i jiddiy ravishda qisqargan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, neft bilan ifloslanish darajasi Toshloq tumanidagi barcha quduqlarda 2004-yilning boshiga kelib neft mahsulotlarining hajmi plenka holatigacha kamaydi, deyilgan xabarda.
2005 yilda viloyat hokimi qarori bilan 31,89 ga lik maydon Farg‘ona NQIZ balansiga o‘tkazildi. Ushbu uchastkada 2500 ta noqonuniy qazilgan quduq aniqlangan va ular “Farg’ona NQIZ” MChJ tomonidan yo‘qotildi hamda ularning o‘rniga mevali bog‘ yaratildi.
Shuningdek, 2006-2007 yillarda Farg‘ona NQIZ tomonidan neft mahsulotlari sizib chiqadigan konusda "OAZIS" tutib qolish tizimi barpo etilgan. "OAZIS" tizimi quduqlari ifloslanishni lokalizatsiya qilish bo‘yicha eng samarali mexanizm hisoblanadi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, 2020-yilning may oyida DXX, IIV va Soliq va valyuta jinotalariga qarshi kurash departamenti bilan birgalikda Toshloq tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida 117ta noqonuniy quduq, 52 ta chuqurlik nasosi, 205 ta turli idishlar, 9757 metr kabel, 847 metr shlang va salkam 30 tonna neft va neft mahsulotlari topilgan.
Eng muhimi, ushbu tadbirlar davomida tindirgich idishlar yordamida neft mahsulotlarini noqonuniy o‘zlashtirayotgan aholi tomonidan ekologik meyorlarni buzish bo‘yicha ko‘p sonli holatlar aniqlangan. Ular chiqindilarni yaqin atrofda joylashgan ariqlar va havzalarga to‘kib kelgani aniqlangan, - deyilgan xabarda.
Ushbu holatlar bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli bayonnomalar tuzilgan.
2020-2030 yillarda zavodni modernizatsiya qilish doirasida yangi texnologiyalar va zamonaviy uskunalardan foydalanish evaziga atrof-muhitni ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha to‘liq chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 1960-yillar boshida qurilgan. Zavod Qirg‘uli adirlarining shimoliy qismida, toshli-shag‘alli qatlamlar ustidagi kam miqdordagi mayda donador tuproq qatlamli joyda joylashgan.